баннер
23 Mar 2025
17:28

    Tilga ixtiyorsiz — elga eʼtiborsiz

    Masalan tilimizda qoʻllanilayotgan Bukxara, Kxarezm, Fergxana yozuvlarini koʻrib, nima deb oʻylashni bilmaysan kishi?

    Oʻylab qarasam, ona tilimiz uchun qaygʻuradigan kishilar oz emas ekan: Butun boshli ilmiy tekshirish instituti, oliy oʻquv yurtlari, maxsus oʻquv yurtlari, maktablarda ona tili va adabiyotidan dars berayotgan oʻqituvchilarimiz til mavqeini yanada oshirishga oʻz hissasini qoʻshar ekan. Agar mana shu katta kuch tilimiz himoyasiga yanada qattiq kirishsa, tilimiz oʻz mavqeini hech qachon yoʻqotmaydi.

    Biroq mening fikrimcha, biz aytayotgan katta kuchning eʼtibori sustroqdek. Shuning uchun ham shahar bedarvoza boʻlib, inglizparast va rusparastlar gʻimirlab qolishdi. Ingliz soʻzlari tilimizga kirib kelib oʻzlashayotgani yetmagandek, oʻzbek soʻzlarini ingliz orfoepiyasiga moslab yozishlari tilimizni xoʻrlash emasmi?! Masalan tilimizda qoʻllanilayotgan Bukxara, Kxarezm, Fergxana yozuvlarini koʻrib, nima deb oʻylashni bilmaysan kishi? Shuningdek, Tashkent, Uzbekistan yozuvlari rus orfoepiyasiga muvofiq yozilayotgani kishini taajjublantiradi.

    Oʻzbeklar nutqida “koroche”, “nooborot”, “neujeli”, “to yest”, “sovsem”, “voobshe” kabi soʻzlarni oʻzbek soʻziday ishlatilishini men oʻz tilimga boʻlgan hurmatsizlik va boshqa xalqqa sajda qilish deb tushunaman.

    Fikrimcha tilimiz ahamiyatining ortishi yoki pasayishida televideniyening hissasi katta. Stadion, futbolchilarimiz kiyimlaridagi yozuvlar bunga misol. Shunday ham tilimizning ichki xatolariga qarshi kurash susayayotgani, ingliz va rus soʻzlari nutqimizga kirib kelayotgani, oʻzimizdagi mavjud soʻzlarni rus talaffuziga moslab yozishlar maktab oʻquvchilari hamda talabalar savodxonligiga taʼsir qilmaydimi?

    Men chet tillarini oʻrganishga aslo qarshi emasman. Faqat aralash-quralash gapirib yoki yozib, ikki tilga behurmatlik qilishga qarshiman. Agar hammamiz haykaldek qotib turaversak, tilimiz oʻz ahamiyatini yoʻqotadi.

    Bu kurashda tahririyat xodimlari eng oldingi safda boʻlishi kerak. tilmizni sevish, uni ardoqlash, uning rivoji uchun qaygʻurish har bir oʻzbekning fuqarolik burchidir. Alisher Navoiy bobomiz tilni gavhar deb ataganlar.

    Maʼdani inson guhari soʻz durur,

    Gulshani odam samari soʻz durur.

    Bu gavharga ziyon-zahmat yetkazmay, keyingi avlodlarga yetkazish har birimizning vatan oldidagi burchimizdir.

    Musajon KARIMQULOV,

    Fargʻona viloyati, Bagʻdod tumani

    Telegram kanalimiz
    Text to speech