2022-yil uchun “Dunyoning eng zoʻr joylari” roʻyxatini taqdim etgan Amerikaning “Time” jurnalidagi 50 ta mamlakat ichida Oʻzbekiston ham bor.

Nashr Sovet Ittifoqidan mustaqil boʻlganiga 30 yil boʻlgan Oʻzbekistondagi yangi loyihalar va ochilishlar xorijiy sayohatchilarga Markaziy Osiyo mamlakatini yanada qulayroq oʻrganish imkonini berishini urgʻulagan.

“2011-yilda ochilgan tezyurar poyezdlar tarmogʻi hozirda Xivaning qadimiy Ipak yoʻli bekatigacha kengaytirilmoqda, bu esa poytaxt Toshkentdan UNESCOʻning Butunjahon merosi obyektlariga sayohat qilishni osonlashtiradi. Ipak yoʻlining yana bir shahri Samarqandda joriy yilda kitobga oʻxshash yangi aeroport terminali ochildi”, deyiladi nashrning Oʻzbekistonga keltirgan taʼrifida.

Shuningdek, joriy yilning kuzida ochiladigan 640 gektar maydonda joylashgan va Samarqand eshkak eshish kanalini oʻz ichiga olgan “Ipak yoʻli Samarqand” majmuasi ham tilga olingan. Kompleks tarkibiga 22 qavatli “Samarkand Regency Amir Temur” nomli dunyoning yetakchi mehmonxonasi va yana yettita mehmonxona kirishi haqida manbalarga asoslanib Respublika Maʼnaviyat markazi matbuot xizmati xabar beryapti.