Tinch okeanida 3000 ta avtomobil ortilgan kemada yong'in sodir bo'ldi

    Tinch okeanining markaziy qismida Meksikaga 3000 ga yaqin avtomobil, jumladan, 800 ga yaqin elektromobil olib ketayotgan Morning Midas yuk kemasida yong'in yuz berdi.

    Bu haqda Bloomberg AQSh qirg'oq qo'riqlash xizmatiga tayanib xabar berdi.

    Uning ma'lumotlariga ko'ra, hodisa Adak orolidan (Alyaska) 480 kilometr janubda sodir bo'lgan.

    Zodiac Maritime boshqaruv kompaniyasi palubalardan birida tutun paydo bo'lganini ta'kidladi. “Ekipaj yong'inni o'chirishga harakat qildi, biroq vaziyatni nazoratga ololmadi”, deyiladi xabarda. AQSh qirg'oq qo'riqlash xizmati barcha 22 dengizchini yaqin atrofdagi savdo kemasiga evakuatsiya qildi. Kompaniya yuk egalari nomini aytmadi.

    2006-yilda Xiamen Shipbuilding kemasozlik zavodida (Xitoy) ishlab chiqarilgan 46,8 ming tonnalik kema 26-may kuni Nansha va Shanxayda bo'lib, Yantay bandargohini tark etdi, deb xabar beradi report.az.