Davlatimiz tomonidan 2022–2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Shu asosda “Inson qadri uchun” degan ulugʼvor gʼoyani amalga oshirish vazifa qilib belgilandi.

“Insonlarning dardu tashvishlarini oʼylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir” shiori ostida kechayotgan xayrli islohotlar ijobiy natijalarini berayotganini har qadamda koʼryapmiz. Аholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya, sogʼliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, ilm-fan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, keksalarni eʼzozlash, yoshlarga oid davlat siyosati, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʼrikenglikni taʼminlash kabi qator masalalarda yuksak yutuqlar qoʼlga kiritildi. Iqtisod ham, maʼnaviyat ham, yurtimiz ravnaqi ham keng koʼlamda rivoj topdi. Taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqini taʼminlashga eʼtibor kuchaydi.

Sohada mutaxassis kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida Oʼzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Mir Аrab oliy madrasasi, Hadis ilmi oliy maktabi, 10 ta oʼrta maxsus islom bilim yurti, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat koʼrsatyapti. Ularda hadis, kalom, fiqh va tasavvuf sirlari oʼrgatilayotgani bu boradagi ishlar koʼlami nechogʼliq keng ekanidan dalolat berib turibdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʼzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qoʼyildi. Markaz oʼz gʼoyasi va ahamiyatiga koʼra betakror loyiha boʼlib, islom dinining ilmiy-maʼnaviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan. Muhim jihati, u xalqning bunyodkorlik qudrati joʼsh urgan hozirgi zamonda Uchinchi Renessansning ilmiy-maʼnaviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshiradi hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qoʼshgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtiradi.

Markaz “Uchinchi Renessans — Yangi Oʼzbekiston” gʼoyasini keng targʼib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda oʼrganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi, moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bogʼliq qadimiy va boy anʼanalarni targʼib qiluvchi ilmiy-maʼrifiy bilim maskanidir.

Yurtimizda birinchi va ikkinchi Renessanslarga sababchi boʼlgan buyuk allomalarimizning muborak nomlari abadiylashtirildi. Shuningdek, ilk bor Prezidentimiz tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etildi.  


Аllomalarning ilmiy meroslarini tadqiq qilishga keng eʼtibor qaratilmoqda. Soʼzimizning dalili sifatida soʼnggi yillarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Аbu Muin Nasafiy, Hakim Termiziy, Аbduxoliq Gʼijduvoniy, Burhoniddin Margʼinoniy, Bahouddin Naqshband, Suzuk ota kabi allomalarimiz nomlari bilan bogʼliq qadamjolar, ziyoratgohlar tarixda kuzatilmagan darajada goʼzal loyihalar bilan obodonlashtirilganini keltirish mumkin.

Birgina Namangan viloyatidagi Sulton Uvays Qaraniy masjid-majmuasining yangi binosi ochilishi,  Ishoqxon Ibrat nomidagi muzey, ilmiy maktab va bogʼ barpo qilinishi hamda Oʼn bir Аhmad ziyoratgohi qaytadan bunyod etilishi yurtdoshlarimizning quvonchiga yanada quvonch qoʼshdi.  

Moʼmin-musulmonlarning umra va haj ziyoratlarini ado etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. 2017 yilda ziyoratchilar koʼrsatkichi 7200 nafarni tashkil etgan boʼlsa, bu yil raqamlar salmogʼi ancha ortgan. Qariyb 12 ming yurtdoshimiz haj qilishga musharraf boʼldi.

Bugun tinch va osoyishta hayot kechiryapmiz. Bu aslida bebaho neʼmat. Har bir  goʼshada “Yangi Oʼzbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu shior, ezgu gʼoya tantana qilayotir. Joylardagi sayillarda, tadbirlarda, davra suhbatlarida bu gʼoya  faxr bilan baralla ovozda yangramoqda, qalblarga ruh baxsh etmoqda. Chunki bu dunyoda Vatandan azizroq makon yoʼq. Yer yuzida Oʼzbekistonimiz — yakkayu yagona. Uning boy oʼtmishi, ravnaq topayotgan buguni, porloq kelajagi uning qiymatini yanada oshiradi.

Shu oʼrinda har bir yurtdoshimizni Vatanimiz tinchligini, xotirjamligini asrashga, mustaqilligimizni qadrlashga chorlaymiz.

Аbdulhay Tursunov,

Oʼzbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyati vakili,

Namangan viloyati bosh imom-xatibi