Tinchligimiz kafolati, milliy gʻururimiz timsoli

    Mamlakatimizda har yili Vatan himoyachilari kunini sanani milliy bayram sifatida nishonlash mamlakatimizda oʻziga xos anʼanaga, goʻzal bir qadriyatga aylangan.

    Bu bejiz emas albatta. Sizu bizning hayotimiz Qurolli Kuchlarimiz tomonidan ishonchli tarzda himoya qilinmoqda, mana shunday masʼuliyatli burchni ado etayotgan, taraqqiyotimiz barqarorligiga kamarbasta boʻlayotgan harbiylarimizni esa bugun har qancha eʼzozlasak, eʼtirof etsak arziydi.

    Poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32-yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tantanali bayram tadbiri ham oʻziga xos shukuh, koʻtarinki kayfiyatda nishonlandi.

    Bayram tantanasida Oliy Majlis va hukumat aʼzolari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32-yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov oʻqib eshittirdi.

    Qayd etish kerakki, bayram shodiyonalari, Prezidentimiz farmoyishiga asosan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!» degan gʻoya ostida vatanparvarlik oyligi tadbirlari doirasida yurtimizning har bir hududida koʻtarinki ruhda oʻtkazilayotir.

    Bayram tadbirida harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar sanʼat elementlarini oʻzida jamlagan va Qurolli Kuchlar qudratini namoyish etuvchi, vatanparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.

    Taniqli sanʼatkorlar, harbiy orkestr, badiiy va havaskorlik jamoalari ijrosidagi ona Vatanni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlar, dilbar raqslar guldastasi barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.

    Tantanalarda yuzlaridan samimiy tabassum, atrofga mamnuniyat bilan boqayotgan harbiylarning dil izhorlarini, koʻnglidan kechayotgan fikrlarini boricha qogʻozga tushirdik.

    — Hayotimning salkam 50-yilini shu sohaga bagʻishladim va bundan judayam mamnunman. Bugun, armiya va xalqning birligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz jamiyatning ajralmas qismiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning mustahkam bogʻichiga aylandi, desam hech mubolagʻa qilmagan boʻlaman, – deydi Mudofaa vazirining maslahatchisi, faxriylar markaziy kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Abubakr Navroʻzov. — Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlar yangi bosqichda jadal davom ettirilmoqda. Sohaga raqamlashtirish va ilgʻor texnologiyalar joriy etilmoqda. Bularning barchasi milliy armiyamizning tom maʼnodagi nufuzi va obroʻsini yanada yuksaltirish, faxrimiz va gʻururimiz timsoliga aylanishida asosiy omil boʻlmoqda. Vatanni, oʻz xalqini himoyalash aslida har bir insonning vazifasidir. Biz harbiylarga bildirilgan ishonchni oqlash, Vatanimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish esa hayotimizning bosh shioridir.

    Darhaqiqat, inson qadriga ustuvor eʼtibor qaratilayotgan keyingi yillarda harbiy sohani isloh etish, mazkur yoʻnalishdagi milliy qonunchilikni davr talabiga mos tarzda takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada harbiy xotin-qizlarning ham oʻrni beqiyos, xizmatlari yuksakdir.

    – El-yurt tinchligi, uning koriga yarash nainki maqsadimiz, balki umrimiz mazmuniga aylanib bormoqda. Yurt tinchligi, xalqimiz himoyasi uchun biz harbiy xotin-qizlar ham jonimizni berishga tayyormiz. 32 yoshni qarshiladim. Bugun harbiylik formasini kiyib yurtimiz sharafini himoya qilib kelayotganimdan faxrlanaman, – deydi Maryamxon Tojiboyeva. – Joriy yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimidagi harbiy xizmatchi ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan “Toʻmaris-2023» Respublika koʻrik tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdim. Bu koʻkrak nishoniga sazovor boʻlishim, koʻnglimda eng yorqin, farahbaxsh tuygʻularni uygʻotdi. Hozir bayram tantanalaridagi Prezidentimizning tabrigini tinglab, oʻzimdan, kasbimdan va bizlarga bildirilayotgan yuksak ishonchdan yanada kuch oldim.

    Chindan ham bugun harbiy-vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy sohada harbiy xotin-qizlar salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarildi. “Xalq va armiya yakdil” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar harbiy qism va muassasalarning eshiklarini yoshlar va ayollar uchun keng ochib berdi. Bir soʻz bilan aytganda, armiya va xalq birligi tobora mustahkamlanib bormoqda.

    – Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz jasorati, ularning “Bilagi zoʻr – birni yengar, ongi va yuragi zoʻr esa – mingni” degan dono oʻgitlari bizga aynan mana shunday hayotiy haqiqatni uqtiradi. Sohadagi ulkan oʻzgarishlarning ijobiy natijasi sifatida Oʻzbekiston harbiylarining xalqaro yirik harbiy-sport musobaqalarida bir necha yillardan buyon salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani barchamizni quvontiradi, – deydi katta leytenant Islomjon Qoʻchqorov. – Birgina 2023-yilda Mudofaa vazirligi qoʻshinlari bir qancha muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritdi. Xususan, Amerikaning Missisipi shtadidagi Kemp Shelbi bazasida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi” musobaqasida ishtirok etgan askar yigitlarimiz barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli oʻtib, faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan “Kembriya patruli” musobaqasida 44 ta davlatning 118 ta jamoasi oʻrtasida 2-oʻrinni va Koreya Respublikasida oʻtkazilgan “Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik” musobaqasida 5 ta davlatning 13 ta jamoasi oʻrtasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bir soʻz bilan aytganda, ortda qolayotgan har bir kun shunchaki oʻtib borayotgani yoʻq.

    Darhaqiqat, keng koʻlamli islohotlar natijasida birgina oʻtgan yil davomida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari mutaxassislari xalqaro arenadagi turli harbiy musobaqalarda qatnashib, faxrli oʻrinlarni egalladi. Sohadagi ulkan oʻzgarishlarning ijobiy natijasi sifatida Oʻzbekiston harbiylarining “Xalqaro armiya oʻyinlari”, “Kembriya patruli” (Angliya), “Eng yaxshi jangchi” (AQSH) va boshqa yirik harbiy-sport musobaqalarida bir necha yillardan buyon salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani barchamizni quvontiradi.

    Joriy yilning 12-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida, Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishida, davlatimiz rahbarining “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, degan soʻzlari va mamlakatimiz yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta koʻrib chiqish yuzasidan bergan tegishli topshiriqlari, navqiron avlod vakillarining yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish borasidagi fikrlari kelajak yoshlarining hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.

    — Oʻtgan yili AQSHda oʻtkazilgan “Eng ilgʻor jangchi — 2023» musobaqasining mutlaq gʻolibi boʻlib, shohsupaga koʻtarilganimda birgina shu jumlaning masʼuliyati nechogʻliq sharafli, ulugʻvor va masʼuliyatli ekanini yanada teran his etdim, — deydi kichik serjant Azamat Kenjayev. — Toʻgʻri, biz taraqqiyot asrida yashayapmiz. Ammo, yoshlarga imkoniyatlar yaratilmasa, qoʻllab-quvvatlanmasa bizlar olgʻa qadam bosa olmaymiz, yuksak marralarni zabt eta olmaymiz. Shu bayram tantanasidan foydalanib, ushbu imkoniyatlar boshida turgan Prezidentimizga rahmat aytaman va barcha yurt posbonlarini tabriklayman.

    Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov ishtirok etdi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri