Avgust oyining uchinchi yakshanbasi har yili mamlakatimizda, Havo floti kuni sifatida keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan Toshkent harbiy okrugiga qarashli “Chirchiq” umumqoʻshin dala-oʻquv poligoni hududidagi markaziy maydonda bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Bayramda kasb bayramini nishonlayotgan Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi harbiy xizmatchilari, ularning oila aʼzolari, turli yoshdagi aviatsiya ixlosmandlari jam boʻldi.

Aviaparvozlarda jangovar va harbiy-transport samolyotlari hamda vertolyotlar uchuvchilari oʻz mahoratini namoyish etdi. Ular tomonidan samoda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasviri hosil qilindi.

Aviashouda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni, general-mayor Ahmad Burxonov ishtirok etib, uchuvchilarning manyovrlarini kuzatib bordi. Ayniqsa, qoʻmondon tomonidan namoyish etilgan murakkab va qiziqarli manyovrlarga boy aviachiqish yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Desantchilarning jangovor vertolyotdan parashyut bilan koʻrgazmali sakrashlari ham shular jumlasidan.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, bugungi kunda mamlakatimiz harbiy havo kuchlari zamonaviy uchish apparatlariga ega. Binobarin, harbiy havo kuchlari zamonaviy qurol-aslahalar, navigatsiya vositalari, radioelektron qurilmalar, jangovar samolyotlar, vertolyotlar bilan yetarli darajada taʼminlangan.

Tantanali tadbirda soʻzga  chiqqanlar, harbiy uchuvchilarning sharafli va mashaqqatli  mehnati, oʻz kasbaga sadoqati, ustoz-shogird anʼanalarining bugungi kundagi  oʻrnini va ahamiyatini eʼtirof etar ekan, yurtimizning tinchligi, osmonimzning musaffoligi, xalqimizning osuda hayotida soha fidoyilarining misilsiz mehnati mujassam ekanligini taʼkidladi va  ularning ishlariga ulkan muvaffaqitlar tilashdi.

Gulichehra DURDIYEVA,

"Yangi Oʻzbekiston" muxbiri