Tirnoq nega et ichiga oʻsadi?

    Koʻpchilik insonlar oyogʻining bosh barmogʻi tirnogʻi et ichiga oʻsayotganidan aziyat chekadi. Biroq hamma ham bunga yetarlicha eʼtibor qilavermaydi.

    Natijada bir qarashda oddiy boʻlib koʻringan bu holat, keyinchalik juda koʻp muammolarga, hatto, jarrohlik amaliyotiga sabab boʻladi.

    Xoʻsh, nega oyoq bosh barmogʻining tirnogʻi et ichiga oʻsadi? Uning sabablari va davolash usullari qanday?

    — Tirnoqning et ichiga qarab oʻsishi (onikokriptoz) surunkali kasallik boʻlib, tirnoq plastinkasi uning toʻqimalariga, yaʼni lateral qismiga qarab oʻsishi bilan kechadi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Shahnoza Mavlonova. — Statistik maʼlumotlarga koʻra, xirurg-shifokorlarga murojaat qiluvchi bemorlarning 3-10 foizida aynan ushbu kasallik aniqlanadi. Bolalarda esa asosan 10-15 yoshda kuzatiladi.

    Xastalik koʻpincha yurish paytida, ayniqsa, tor poyabzal kiygan vaqtda oʻsgan tirnoq joyida ogʻriq bilan boshlanadi. Keyinchalik esa tirnoq burmasining qizarishi va shishi paydo boʻladi. Soʻngra tirnoq plastinkasi ostidan yiring hosil boʻlishi va chiqishi, baʼzan qon ketishi bilan kechadi.

    Afsuski, aksariyat bemorlar uyda muammoni mustaqil hal qilishga urinib, uzoq vaqt shifokorga borishni kechiktiradi. Bu esa salbiy asoratlarga, umumiy holatning yomonlashishiga, yalligʻlanish jarayonining qoʻshni toʻqimalarga tarqalishiga olib keladi. Bemor esa ogʻriq zoʻrayib, unga chidashning imkoni boʻlmagandagina shifokorga murojaat qiladi. Shu sababli kasallik surunkali tus oladi.

    Tirnoqning et ichiga qarab oʻsishini koʻpincha notoʻgʻri tanlangan poyabzal tufayli kelib chiqadi, deb oʻylashadi. Bu ham asosiy omillardan biri. Shu bilan birga, tirnoqni notoʻgʻri olish, yaʼni oysimon shaklda kaltalatish ham uning tuzilishiga taʼsir etishi mumkin.

    Shuningdek: oyoqning ortopedik kasalliklari; tirnoqning infeksion zamburugʻli xastaliklari; oyoq barmoqlarining jarohatlari va yaralari; organizmda vitaminlar va mikroelementlarning yetishmasligi; ayrim ichki organlar kasalliklari; psoriaz; qandli diabet; semizlik nasliy moyilliy va boshqalar ham ushbu kasallikning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin.

    Xastalikni davolash uchun shifokor-dermatolog hamda yashash manzili boʻyicha oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punkti jarrohiga murojaat qilish lozim. Ushbu mutaxassislar bemorga tirnoq shaklining oʻzgarishiga sabab boʻlgan omillarni aniqlab, shunga muvofiq muolajalarni tavsiya qiladi.

    Dastlab ushbu xastalik konservativ usulda davolanadi. Bu orqali yiringli yalligʻlanish jarayonlariga qarshi kurashilib, ogʻriqning intensivligi kamaytiriladi. Yiringlash va boshqa asoratlarni rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun muolajalar mutaxassis tomonidan belgilanishi kerak.

    Agar konservativ usullar samara bermasa, u holda jarrohlik davolash qoʻllaniladi. Xususan, tirnoq ichiga oʻsib ketgan boʻlsa, lazer yordamida korreksiya qilinadi. Qolaversa, hozirda maxsus plastinkalar ham qoʻllanilayotgan boʻlib, ushbu vosita tirnoqning etga qarab oʻsishidan himoyalaydi. Xastalik toʻgʻri davolanilsa, keyinchalik qaytalanmaydi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    matbuot xizmati.