“TISOVIR” (favipiravir) preparati reklamasi yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

    Inson salomatligi bilan bogʻliq boʻlgan reklamalar isteʼmolchilarda shifokor koʻrigidan oʻtish va uning koʻrsatmalariga zarurat mavjud emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim.

    Soʻnggi paytlarda OAVda, jumladan internet, ijtimoiy tarmoqlar va telegramm kanallarda “Koronavirusga qarshi preparat yana-da arzonroq va qulayroq. “TISOVIR” (favipiravir) keng taʼsir doiradagi virusga qarshi preparat!” reklama videoroligi keng tarqalgan boʻlib, bu koʻplab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

    Shu munosabat bilan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi quyidagilarni maʼlum qildi:

    “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan, shifokorning koʻrsatmasi (retsepti) boʻyicha beriladigan dori vositalari hamda tarkibida giyohvandlik vositalari va (yoki) psixotrop moddalari boʻlgan dori vositalarini reklama qilish taqiqlanadi.

    Retsept bilan beriladigan dori vositalarining reklamasiga faqat dori-darmon vositalarini tayinlash va tarqatish huquqi boʻlgan mutaxassislar tomonidan farmatsevtika sohasiga oid maʼlumot-axborot markazlari yordamida, ixtisoslashgan maxsus nashrlarda, konferensiya, simpiozum, koʻrgazmalarda yoʻl qoʻyiladi.

    Ommaviy axborot vositalarida faqatgina shifokor retseptisiz beriladigan dori vositalarini reklama qilishga ruxsat etiladi, bunda, shifokor retseptisiz beriladigan dori vositalari reklamasi tushunarli tilda bayon qilinishi, dori vositasining toʻliq nomi (shu jumladan, xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi hamda dori vositasidan foydalanish haqidagi axborot va uni qoʻllash uchun asosiy koʻrsatmalardan iborat boʻlishi lozim.

    Shu bilan birga, dori, davolash usullari, umuman, inson salomatligi bilan bogʻliq boʻlgan reklamalar isteʼmolchilarda shifokor koʻrigidan oʻtish va uning koʻrsatmalariga zarurat mavjud emas, degan fikrni shakllantirmasligi lozim.

    Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan “TISOVIR” (favipiravir) keng taʼsir doiradagi virusga qarshi preparat! U barcha RNK tipidagi viruslarni, shu jumladan, SARS-Co-V2 yangi koronavirus infeksiyasi qoʻzgʻatuvchisini (Covid-19) ingibirlaydi. “TISOVIR” (favipiravir) Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa yetakchi davlatlarning SARS-Co-V2ga qarshi davolash standartlarida mavjud” mazmunida reklama axborotlari joylashtirilganligi kuzatildi.

    birinchidan, ushbu dori vositasi shifokor retsepti asosida beriladigan preparat hisoblanadi. Shu munosabat bilan, uni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik uchun reklama qilish mumkin emas.

    ikkinchidan, reklamada qoʻllanilgan “keng taʼsir doiradagi virusga qarshi preparat! U barcha RNK tipidagi viruslarni, shu jumladan, SARS-Co-V2 yangi koronavirus infeksiyasi qoʻzgʻatuvchisini (Covid-19) ingibirlaydi” iborasi umuman (ilmiy, amaliy) asoslanmagan, yaʼni notoʻgʻri reklama hisoblanadi.

    Yuqoridagilarga asosan, “TISOVIR” (favipiravir) dori vositasi reklamasi amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda joylashtirilgan.
    Oʻz navbatida Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalarida (televideniye, radio, bosma nashrlar), internet va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklama axborotlarining reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan doimiy ravishda monitoring kuzatuvlari oʻtkazish hamda tegishli tezkor taʼsir choralarini koʻrish yoʻlga qoʻyilgan.

    Xususan, joriy yilning iyun-iyul oylari davomida ijtimoiy tarmoqlarda 30 ta holatda biologik faol qoʻshimchalar (BAD) reklamasi amaldagi reklama qonun hujjatlari talbalariga zid ravishda amalga oshirilayotganligi aniqlanib, koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ular faoliyatiga chek qoʻyilgan (reklamalar bartaraf etilgan).