Tizimli islohotlar bilan ulkan maqsadlar sari

    Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligida «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish boʻyicha videokonferensaloqa tizimi orqali targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

    Ushbu targʻibot tadbirida vazirlik tizimidagi korxonalar, tashkilot va muassasalar vakillari, shuningdek, «Navoiy uran» DK studiyasidan korxona rahbariyati, direktorlar, boshqarma, boʻlim va xizmat boshliqlari, «Zafarobod» kon boshqarmasi muhandis-texnik xodimlari ishtirok etishdi.

    Muloqotlar davomida «Taraqqiyot strategiyasi» markazining Iqtisodiy sohadagi islohotlarni monitoring va tahlil qilish boʻlimi boshligʻi Furqat Yunusov tomonidan mazkur strategik hujjatni tasdiqlashga oid Prezident Farmoni hamda «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasini 2024-yil «Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid qabul qilingan Prezident Farmonining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

    Shuningdek, «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasining har bir ustuvor yoʻnalishi boʻyicha belgilangan maqsadlar, ularning samaradorlik koʻrsatkichlari qatnashuvchilar ishtirokida muhokama qilib oʻtildi.

    Eslatib oʻtamiz, «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi Oʻzbekistonning 2030-yilgacha asosiy rivojlanish yoʻnalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat boʻlib, 5 ta ustuvor yoʻnalish doirasida 100 ta maqsadga erishishga qaratilgan.

    Har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash, suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish asosiy yoʻnalishlar sifatida belgilangan.

    Tadbir yakunida ulkan maqsadlarini oʻzida jamlagan «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi islohotlar tizimliligiga xizmat qilishi taʼkidlanib, ushbu hujjatning mazmun-mohiyatini oʻzida aks ettirgan videorolik namoyish etildi.