Oʻlkamizga ulugʻ oy, oylarning sarvari, sayyidi va sultoni, Allohning muborak kitobi Qurʼoni karim nozil boʻlgan oy – orziqib kutilgan Ramazon oyi tashrif buyurmoqda.

Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrida”gi qarori barcha moʻmin-musulmon yurtdoshlarimiz singari bizni ham behad quvontirdi.

Shu oʻrinda bir holatni eslab oʻtish yana-da koʻproq shukr qilishimizga turtki boʻlsa, ajab emas. Avvallari Toshkent shahrida barmoq bilan sanarli masjidlarda Qurʼoni karim xatm qilinar, qorilar Misr, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan taklif etilar edi. “Birov bilmasin”, deya uch kunda Qurʼoni karim xatm qilib boʻlinar edi. Hozir esa xalqimiz, ayniqsa, yoshi ulugʻ insonlar qiynalmasligi, Qurʼoni karim tilovatidan zavq olishlari uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tavsiyasiga binoan xatmi Qurʼonlar kamida 27 kun davom etishi belgilab qoʻyildi.

Taʼkidlash joiz, oʻtgan yili pandemiya tufayli masjidlarimiz faoliyat yuritmadi. Bu yil, Allohga shukr, masjidlarimiz ochiq. Taroveh namozlarini karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻqishimiz shart. Shu bilan birga, yoshi ulugʻ otaxonlar, surunkali xastaligi bor kishilar oʻzlarini ehtiyot qilishlari, tarovehlarni uylarida oʻqishlari maqsadga muvofiq boʻladi. Ular muntazam ravishda tibbiy nazoratdan oʻtib turishlari tavsiya etiladi. Chunki hali bu xavf, yaʼni koronavirus balosi toʻliq chekingani, butunlay bartaraf etilgani yoʻq.

Allohga beadad hamdlar boʻlsin, hozir yurtimizda 2085 ta masjid faoliyat yuritayotgan boʻlsa, bu yil shulardan 1367 tasida Qurʼoni karim xatm qilinadi.

Toshkent shahridagi 114 ta jome masjidning barchasida 27 kun davomida moʻmin-musulmonlar Allohning kalomini tinglashadi, inshoalloh. Buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Masjidlarimiz Ramazonga shay holatga keltirildi.

Hozir dunyoning ayrim joylarida urushlar, toʻs-toʻpolon, tabiiy ofatlar boʻlib turibdi. Shukurki, Vatanimiz tinch, xalqimiz hayoti kundan kunga farovon boʻlib bormoqda. Bu oy savob, ajr jihatidan yillarga, ming oylarga tatiydi. Shunday ekan, har birimiz Ramazonni gʻanimat bilib, koʻngillar erigan, qalblar yumshagan damlarda Yaratgandan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini soʻrab, duoyu iltijolar qilishimiz kerak.

Ramazoni sharif toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat oyidir. Shu bilan birga, bu oyda gunohlar yuvilajak, tavba-tazarrular, chin ixlos va eʼtiqod ila qilingan duolar mustajob boʻlib, qalblar taskin topajak.

Roʻza insonni halollikka, poklikka daʼvat etadi, uning qalbini gʻuborlardan tozalaydi. Zero, Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli boʻlishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza farz qilindi” (Baqara surasi,183-oyat).

Ulugʻ oyda har bir qilingan amalning evaziga 70 tadan 700 tagacha savobga ega boʻlish mumkinligi haqida hadisi sharifda marhamat qilingan. Biroq ushbu oyda insonlarga yaxshilik qilib, xayru saxovat koʻrsatib, ulkan savob va ajrlarga ega boʻlishning oʻrniga bozorlarda narx-navoni oshirib, manfaat topishga urinayotgan yurtdoshlarimiz ham bor.

Ulardan “nimaga bunday?” deb soʻrasangiz, uyalmay “roʻza keldi-da”, deyishadi. Aslida haqiqiy musulmon Ramazon oyida oʻta saxovatli boʻlishi lozim. Chunki Ramazon oyi taqvoni, tarbiyani oʻrganadigan oy. Toki, bu oyda hosil qilingan taqvo, odob va tarbiya yilning qolgan oylarida ana shu moʻminga hamroh boʻlsin.

Ramazon oyida inson oʻz nafsini tarbiyalash maqsadida yemoq-ichmoqdan tiyiladi. Bizda esa kimoʻzarga katta-katta joylarda dabdabali iftorliklar berishga intilishlar sezilib qoladi. Bu ham sharʼan durust emas. Chunki Ramazon oyida iftorlik beraman deb, koʻp urinib, dabdabozlikka yoʻl qoʻyib, isrof qilayotganimizni oʻylamayapmiz. Iftorliklarni oʻrtacha meʼyorda qilib, qolgan mablagʻlarimizni qarindoshlar orasidagi, mahallamizdagi muhtojlarga bersak, ana oʻsha afzalroqdir.

Bugun biz qancha shukr qilsak – kam. Chunonchi, har yili Ramazon oyi hamda ikkala hayit – Ramazon va Qurbon bayramlari arafasida davlatimiz rahbarining qarori qabul qilinishi dinimizga, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga qaratilayotgan eʼtiborning amaldagi bir inʼikosidir.

Alloh taolo barchalarimizga bu oyni gʻanimat bilishga tavfiq bersin.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

Toshkent shahri bosh imom-xatibi