Togʻlarni barqaror rivojlantirish boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilish boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 21 Sentabr 2022 1035

    Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Togʻlarni barqaror rivojlantirish boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Tadbir tashkilotchilaridan biri Qirgʻiziston tomoni boʻldi. Unda BMTga aʼzo davlatlar va Tashkilot agentliklari delegatsiyalari ishtirok etdi.

    Uchrashuv ishtirokchilari togʻli hududlarning ekotizimlarini yaxshilash, ularda istiqomat qiladigan aholining farovonligini oshirish, muzliklarni saqlash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov oʻz nutqida mamlakatimizda togʻli hududlarni rivojlantirish, ular aholisining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini taʼminlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. “Yashil kun tartibi”ni targʻib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish boʻyicha saʼy-harakatlar qayd etildi.

    Oʻzbekistonning togʻ ekotizimini muhofaza qilishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligi maʼlum qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida taklif etilgan Butunjahon ekologik xartiyasini ishlab chiqish dolzarbligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.