Xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti oliy yuridik ta’lim muassasalari orasida innovatsion yondashuvlari va sifatni oshirishga qaratilgan tashabbuslari bilan ajralib turadi. Universitet rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlik va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali ta’lim sifati sezilarli darajada oshirilmoqda.
TDYUning 2023-2030 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi universitetni xalqaro darajaga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu dastur asosida universitet quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat olib bormoqda:
Birinchi yo`nalish - ta’lim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish hisoblanadi. Bunda Universitet Buyuk Britaniyaning Oliy ta’limda sifat kafolati agentligi (QAA) talablari asosida ta’lim jarayonlarini takomillashtiriladi. Aytish joizki, universitetda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etildi. Jumladan, kredit-modul tizimi takomillashtirilgan holda qo‘llanilmoqda, bunda talabalar mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilmoqda. Universitet shuningdek, interfaol va innovatsion ta’lim usullarini qo‘llashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida xalqaro tajribalardan foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ikkinchi yo`nalish - ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni kengaytirish qaratiladi. Bunda Universitet tadqiqot markazlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ilmiy loyihalarni tijoratlashtirishni maqsad qilgan. Ilmiy izlanishlarni rivojlantirish bo‘yicha muhim amaliy oashlar bajarilmoqda, xususan, universitet tarkibida huquqshunoslik bo‘yicha innovatsion tadqiqot markazlari tashkil etilib, yangi yuridik yo‘nalishlar, jumladan, kiberhuquq va sun’iy intellekt huquqi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Uchinchi yo`nalish - raqamli transformatsiyani joriy etish hisoblanadi. Bunda ta’lim jarayonlarida sun’iy intellekt, masofaviy ta’lim va elektron kutubxonalar tizimi yo‘lga qo‘yish amalga oshiriladi. O`quv jarayoniga, xususan, talabalar bilimini baholashda ham sun`iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Bu amaliyot mamalakatmizdagi oliy ta`lim muassasalari orasida birinchilardan bo`lib joriy etilayotganligini ta`kidlash zarur.
To`rtinchi yo`nalish - xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Bunda dunyoning yetakchi universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va almashinuv dasturlari amalga oshirilmoqda. TDYU yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirib, o‘qituvchilari va talabalarini xalqaro konferensiyalar, o‘quv dasturlariga jalb qilmoqda. Shu bilan birga TDYU xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlash uchun dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Universitet hozirga qadar Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya va Polshaning nufuzli oliygohlari bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatgan.
Universitetnining kelgusidagi strategik rejalari aniq bo`lib 2030-yilgacha Markaziy Osiyoning yetakchi yuridik oliygohiga aylantirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik ta’limni modernizatsiya qilish, ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy qilish va yangi qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqishda ishtirok etish, universitet bitiruvchilarini xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash rejalashtirgan.
TDYUning amalga oshirayotgan islohotlari O‘zbekistonda huquqiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi hamda ushbu strategik yo‘nalishlari kelajak avlodlar uchun yuridik bilimlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
D.Maxkamov,
Toshkent davlat yuridik universiteti boshqarma boshlig`i, yu.f.d, professor.