24-dekabrga o'tar kechasi Afg'onistondan Tojikistonga kirib kelgan terrorchilar va tojik chegarachilari o'rtasida qurolli to'qnashuv yuz berdi. Qurbonlar bor, deyiladi Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi bayonotida.

Operatsiya natijasida Tojikistonning Afg'oniston bilan chegaradosh Xatlon viloyati Shamsiddin Shoxin tumanida chegarani noqonuniy kesib o'tgan terrorchilik tashkilotining 3 nafar a'zosiga qurolli qarshilik ko'rsatilib, ular zararsizlantirildi. Tojikistonning ikki nafar chegarachisi halok bo'ldi. Voqea joyida 3 ta M16 avtomati, 1 ta Kalashnikov avtomati, xorijda ishlab chiqarilgan 3 ta ovoz o'chirgichli to'pponcha, 10 ta qo'l granatasi, 1 ta tungi ko'rish moslamasi, portlovchi moddalar va boshqa o'q-dorilar olingan, deb xabar berdi tass.ru.

“Bu tinch aholi va harbiy xizmatchilar halok bo'lishiga olib kelgan so'nggi bir oy ichida Afg'onistondan Tojikistonga uchinchi qurolli hujum, terrorchilik harakati va chegaraning kesib o'tilishidir”, deyiladi bayonotda.

Xovar axborot agentligining Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo'mitasi chegara qo'shinlari matbuot markazi bayonotiga asoslanib xabar berishicha, terrorchilik hujumidan keyin chegarada vaziyat tinchligicha qolmoqda. “Hozirda chegarada vaziyat tinch. Ushbu hodisa yuzasidan tergov davom etmoqda”, deya qo'shimcha qilingan xabarda.