Tojikiston bilan mintaqaviy platformalarda hamkorlik yanada rivojlantiriladi

    Xalqaro hamkorlik 16 Noyabr 2023 680

    BMT Konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Abduqodir Mavlodod bilan uchrashdi.

    Uchrashuv avvalida A.Mavlodod “CRIC-2” tadbiriga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrilganini, shuningdek, barcha yoʻnalishlardagi hamkorlik qardosh Tojikiston xalqi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini bildirdi. Uchrashuvda tomonlar vazirlik va qoʻmita mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bir qator muvaffaqiyatli loyihalar, xususan, transchegaraviy hamkorlik, jumladan, Oʻzbekiston-Tojikiston chegarasida transchegaraviy zona yaratish, migratsiya turlarini birgalikda monitoring qilish boʻyicha qoʻshma trening va seminarlar oʻtkazilayotganini qayd etdilar.

    Shuningdek, tabiat chegara bilmasligini hisobga olgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishining barcha sohalarida mintaqaviy va transchegaraviy rivojlanish muhim ekanligini taʼkidladilar.

    O. Qudratov Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning yagona ekotizimini saqlab qolish maqsadida mintaqadagi ekologik xavflarni hisobga olgan holda boshqarmalar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni faol oshirishga tayyor ekanligini bildirdi. Shu bilan birga, tomonlar 30-noyabr – 12-dekabrda Dubayda boʻladigan BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining boʻlajak 28 konferensiyasi doirasidagi qoʻshma reja va harakatlarni muhokama qildilar.

    Bundan tashqari, Tojikiston tomoniga 2024-yil 12–17-fevral kunlari Samarqandda oʻtkaziladigan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining oʻn toʻrtinchi yigʻilishi (COP14)da ishtirok etish va ushbu konferensiyada Markaziy Osiyo mintaqasi nomidan vakillik qilish taklif etildi.

    Uchrashuv yakunida boshqarmalar oʻrtasida imzolangan Memorandum doirasida va mintaqaviy platformalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.