Tashrif Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CMS COP14 xalqaro konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Yuqori martabali mehmonga vazirlik huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori G‘ayrat Muhamedov hamrohlik qildi.
Tashrif davomida Bahodur Sheralizoda vazirlikdagi inspeksiya, ekspertiza faoliyati, «Yashil makon» loyihasi, tabiiy resurslar holati, sanitar faoliyatida billing raqamlashtirilgan tizimlari va boshqa jarayonlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, yuqori martabali mehmon vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasida ham bo‘ldi. Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Atrof-muhit texnologiyalari va innovatsiyalari sohasida tajriba almashish uchrashuvning asosiy nuqtalaridan biri bo‘ldi. Mehmonlar muqobil energiya manbalaridan foydalanish, chiqindilarni boshqarish va biologik xilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha mamlakatimizning ilg‘or tajribasini o‘rganib, o‘z mamlakatlarida ham ana shunday amaliyotni qo‘llash imkoniyatidan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Bundan tashqari, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan salohiyatli qo‘shma loyihalarga e'tibor qaratildi. Bu boradagi o‘zaro hamkorlik nafaqat umumiy ekologik muammolarni hal etishga, balki mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga ham hissa qo‘shishi qayd etildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.