Rossiyada ikki nafar Tojikiston fuqarosi mamlakatga isiriq (garmala) olib kirishga uringanlikda ayblanib sudga tortildi. Ulardan biri sud tomonidan 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deya xabar bermoqda Tojikiston Bosh prokuraturasi.
Boshqarma bayonotida aytilishicha, ayollar ushbu o'simlikni “shaxsiy va tibbiy maqsadlarda” olib kirishga uringan, biroq Rossiya aeroportlarida ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ayollardan biriga giyohvand moddalarni sotish maqsadini ko'zlamay saqlash, tashish, ishlab chiqarish va qayta ishlash (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi), shuningdek, tarkibida narkotik moddalar bo'lgan o'simliklarni Rossiya bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o'tish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 229.1-moddasi 3-qismi) bo'yicha ayblov qo'yilgan.
“Tergov yakunlangach, jinoyat ishi sudga yuborilib, sud sudlanuvchini 8 yilga ozodlikdan mahrum qildi”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Hibsga olingan ikkinchi ayolning taqdiri haqida xabar berilmagan.
Bosh prokuratura Tojikiston fuqarolarini isiriqni Rossiyaga olib o'tish va bu davlatda ishlatishdan ogohlantirmoqda.
Boshqarmaning ta'kidlashicha, “10 donadan ortiq isiriq”ni tashish va saqlash uchun huquqbuzar 1 million rubl miqdorida jarima to'lashi yoki umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
2024-yil fevral oyida garmala Rossiyada noqonuniy muomalada bo'lgan, saqlash va iste'mol qilganlik uchun yuqori jarima yoki qamoq jazosi nazarda tutilgan giyohvandlik o'simliklari ro'yxatiga kiritilgan, deb xabar berdi asiaplustj.info.








