Tojikiston notariuslari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi boshlandi

    Xalqaro hamkorlik 14 Dekabr 2021 2056

    Oʻzbekiston Notarial palatasining taklifiga binoan 13-dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Bosh davlat notarial idorasining bosh davlat notariusi Sharofiddin Sharifzoda boshchiligidagi delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.

    Tojikiston Respublikasi notarial palatasi delegatsiyasi dastlab Oʻzbekiston Notarial palatasi rahbariyati bilan uchrashdi.

    Uchrashuv davomida mehmonlar eʼtiboriga Oʻzbekiston notariat sohasiga joriy etilgan yangiliklar, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali aholiga koʻrsatilayotgan huquqiy xizmatlar, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning faoliyatidagi afzalliklar, notariuslarning oʻz jamoasini oʻzi shakllantirishi, ish vaqtini oʻzi belgilashi, notariuslarning malakasini oshirish, Mediatsiya toʻgʻrisida qonunga koʻra notariuslarning professional mediatorlar sifatida olib borilayotgan faoliyat, davlat organlari bilan hamkorlik, Tashqi ishlar vazirligi bilan imzolangan memorandum doirasida olib borilgan ishlar natijasida konsullar tomonidan chet ellarda vaqtincha istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan notarial harakatlarni amalga oshirish qulaylashganligi, shuningdek, Notarial palataning xalqaro maydonga kirib borishi, chet davlatlar notariat tizimlari bilan yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro hamkorlik haqida maʼruza taqdim etildi.

    Oʻzbekiston Notarial palatasining qisqa davr ichida Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo boʻlganligi mehmonlar tomonidan eʼtirof etildi.

    Tashrif doirasida Tojikistonlik notariuslarning Yuristlar malakasini oshirish markazi, Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvi kutilmoqda, shuningdek, mehmonlar Toshkent, Samarqand shaharlarida faoliyat yurituvchi xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatida yuqorida aytib oʻtilgan yangiliklarning amalda qoʻllanishi bilan yaqindan tanishadilar, deb xabar beradi Notarial palatasi matbuot xizmati.