Tashrif davomida Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonida raqamli texnologiyalarni qoʻllash amaliyoti namoyish etildi. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro tajribalarni milliy qonunchilikka integratsiya qilish masalalari muhokama etildi.
Qolaversa, ekologik jarayonlarda xorijiy amaliyot va innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilish tajribasi oʻrganildi. Ekologik jarayonlarda jamoatchilikning ishtirokini oshirish va ularning fikr-mulohazalarini hisobga olish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi taqdim etildi. Shu bilan birga, ekologik monitoring tizimini rivojlantirish, eko-turizmni qoʻllab-quvvatlash va uning infratuzilmasini takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirish va qoʻllaniladigan texnologiyalar boʻyicha taqdimot namoyish etildi.
Tashrif davomida kelgusida ekologik sohada tajriba almashish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Taʼkidlash joizki, Tojikiston delegatsiyasining tashrifi Oʻzbekistonning ekologik ekspertiza borasidagi tajribasini oʻrganish maqsadida amalga oshirilyapti, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Tashrif 10-avgustgacha davom etadi.