Tojikiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻzdan kechirildi

    Hukumat 11 Iyun 2021 5415

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Soʻgʻd viloyati Gʻafurov tumanidagi “Vaxdati millat” bogʻiga tashrif buyurdi.

    Soʻgʻd viloyati Sirdaryo boʻyida joylashgan boʻlib, dehqonchilik uchun juda qulay. Bu yerda meva-sabzavotchilik rivojlangan. Tojikistonda yetishtiriladigan jami qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining qariyb 43 foizi Soʻgʻd viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.

    “Vaxdati millat” bogʻi 2008-yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 700 gektar boʻlib, shundan 500 gektarida mevali daraxtlar oʻtqazilgan. Bogʻ hududida qariyb 300 tonna sigʻimli sovutish ombori ham bor.

    2018-yildan boshlab bu yerda baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda toʻrtta havzada oq amur, xumbosh va sazan kabi baliq turlari yetishtirilmoqda.

    Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida ham hamkorlik rivojlanmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida bu borada koʻplab shartnomalar imzolangan. Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi chogʻida ham qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

    Prezidentlar bogʻda tashkil etilgan Tojikiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni oʻzaro yetkazib berish, saqlash va eksport qilish boʻyicha soha mutasaddilariga koʻrsatmalar berildi.

    Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi yakunlandi. Xoʻjand xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon kuzatdi.