Tojikiston va Qirgʻiziston bahsli chegara bo’yicha kelishuvga erishdi

    8-oktabr kuni Qirg’izistonning Botken shahrida Tojikiston va Qirgʻiziston hukumat delegatsiyalarining davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha ishchi guruhlari 43,32 kilometr bo’yicha o’zaro kelishuvga erishdi.

    Ikki respublika oʻrtasidagi chegara uzunligi taxminan 972 km. Hozirgi vaqtda chegara chizig'ining uchdan ikki qismidan ko'prog'i davlatlar tomonidan o'zaro tan olingan, qolgan 400 km dan ortiq chegara hududi bahsli hisoblanadi. Delimitatsiya bo'yicha muzokaralar 2002-yilning dekabridan beri davom etmoqda, lekin 2023-yilga kelibgina ijobiy o’zgarishlarga erishildi. Bahsli chegaralar yillar davomida ikki davlat o‘rtasida keskinlik manbai bo‘lib kelgan va ba’zan qonli to’qnashuvlarga sabab bo’lgan.

    Bu kelishuv ikki qoʻshni davlat oʻrtasida hamkorlik va ishonchni mustahkamlab, chegara yaqinida yashovchi aholi, ayniqsa anklavlar va etnik ozchiliklar uchun yashash sharoiti va iqtisodiy imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, kelishuv mintaqa xavfsizligi va barqarorligini yaxshilashi hamda mintaqada integratsiya jarayoni tezlashtirishi mumkin.

    «Qo'shning tinch, sen tinch», degan gap bor xalqimizda. O’zbekiston har ikkala davlat bilan o’zaro chegara ega. Bu qo‘shni davlatlardagi siyosiy vaziyat O‘zbekiston xavfsizligi, barqarorligi va farovonligiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois O‘zbekiston ham qo‘shnilari bilan do‘stona va hamkorlik aloqalarini davom ettirishdan, mintaqa tinchligi va taraqqiyotidan manfaatdor.

    Umuman olganda, Tojikiston va Qirg'iziston o'rtasidagi chegara masalasi bo'yicha kelishuv Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim voqeadir. To’g’ri, hali qilinmagan bahsli hududlar bor, lekin, bu kelishuv kelajakdagi hamkorlik uchun asos yaratadi.