Tojikistonda yuz bergan yo'l-transport hodisasi oqibatida uch nafar O'zbekiston fuqarosi hayotdan ko'z yumdi

    2024-yil 2-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da Dushanbe-Varzob-Xo'jand avtomobil yo'lining 50-kilometrida halokatli yo'l-transport hodisasi sodir bo'ldi.

    Xo'jand shahridan Dushanbe shahri tomon harakatlangan “Daewoo Nexia” rusumli davlat raqami 40N174 GB uz avtomobili “KamAZ” yuk mashinasi bilan to'qnashib ketdi.

    Hodisa oqibatida yengil avtomashinaning haydovchisi va ikki nafar yo'lovchisi (ikki erkak va bir ayol) voqea joyida halok bo'ldi. Ularning barchasi O'zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.

    Avtomashina haydovchisi 1964-yil 11-mayda tug'ilgan, yashash joyi O'zbekiston Respublikasi, Farg'ona viloyatida bo'lgan Boygitov Nurmahmad ekanligi aniqlandi. Boshqa qurbonlarning shaxsi aniqlanmoqda. Shu kuni qo'mita tomonidan O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ma'lumot yuborildi.

    Favqulodda vaziyatlar va fuqaro mudofaasi qo'mitasi tomonidan voqea oqibatlarini bartaraf etish uchun voqea joyiga qutqaruvchilarning navbatchi smenasi jo'natildi.

    Voqea joyiga yetib kelgan Favqulodda vaziyatlar bo'yicha komissiyaning Ixtisoslashtirilgan qidiruv-qutqaruv xizmati boshqarmasi qutqaruvchilari maxsus asboblar yordamida jasadlarni g'ijimlangan avtomobillardan chiqarib, ichki ishlar xodimlariga topshirdi.

    Ikkinchi holat Sug'd viloyatining Ayniy tumanida sodir bo'ldi.

    2024-yil 2-iyul kuni soat 16:50 da Sug'd viloyati, Ayniy tumani, Rarz qishloq fuqarolar yig'ini, Nijniy Shavakt qishlog'i yaqinida, Ayniy-Ko'histoni Mastchoh avtomobil yo'lida yo'l-transport hodisasi sodir bo'ldi. Rarz qishloq fuqarolar yig'ini, Nijniy Shavakt qishlog'ida yashovchi 32 yoshli fuqaro boshqaruvidagi “Musso” rusumli avtomashina tuman markazidan Nijniy Shavakt qishlog'i tomon harakatlanayotganda boshqaruvni yo'qotib qo'ygan va mashina 450 metrli jar ag'darilib ketgan. Mashinada haydovchining rafiqasi va uch nafar farzandi bo'lgan. Hodisa oqibatida barcha oila a'zolari voqea joyida halok bo'lgan, deb xabar beradi kchs.tj.

    Shu munosabat bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaasi qo'mitasi yo'l-trasport hodisasi oqibatida hayotdan ko'z yumganlarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi va haydovchilarga imkon qadar ehtiyot bo'lish va barcha yo'l harakati qoidalariga, shuningdek, belgilangan tezlikka rioya qilishni yana bir bor eslatib o'tdi.