Tojikistondan kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi fuqaroning Qoʻqon shahridagi yashash xonadoni oshxonasiga yashirilgan 4 kg 572 gr “opiy” hamda 1 kg 58 gr “gashish” moddalari topilgan. Shuningdek, unga tojikistonlik narkosavdogarlar WhatsApp messenjeridan yuborgan geolokatsiya orqali muqaddam Dangʻara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kg 980 gr “opiy” moddasi aniqlangan. Unga giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, isteʼmolga tayyor holatga keltirishda yordam bergan shaxs ham fosh etildi. Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi bu shaxsning yashash xonadonida narkolaboratoriya aniqlanib, bu yerda 7 kg 226 gr “opiy” topilgan.

Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, isteʼmolga tayyor holatga keltirishda yordam bergan, Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi 1969-yilda tugʻilgan shaxs oʻz yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi. Uning xonadonidan ham 7 kg 226 gr “opiy” moddasi olindi.

Yana bir holatda Qoʻqon shahri hududida harakatlanayotgan 1980-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda, unda muqaddam 34 ming AQSH dollariga sotib olingan 5 kg 22 gr “opiy” moddasi borligi maʼlum boʻldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, unga narkotik moddani sotgan 1985-yilda tugʻilgan hamshahari hamda uning jinoiy sherigi boʻlgan 1985-yilda tugʻilgan Tojikiston fuqarosi qoʻlga olindi. Shuningdek, tojikistonlik fuqaroning Oʻzbekiston tumanidagi xonadonidan 2 kg 362 gr “opiy” moddasi olindi.

Qoʻqon shahrida qayd etilgan yana bir holatda “Neksiya” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan 1992-yilda tugʻilgan fuqaroga tegishli sumka ichida 982 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, u giyohvandlik vositasini muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Qoʻqon shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olgan.

Fargʻona shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa 2000-yilda tugʻilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 989 gr “gashish” moddasini xaridorga 150 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.