Tojikistondan olib kelingan 66 kg narkotik moddalar toʻxtatib qolindi

    Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar toʻxtatib qolindi.

    Xususan, Fargʻona viloyati Beshariq tumanida yashovchi, 1992-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi Tojikistondan Beshariq tumanida joylashgan “Rovot” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida toʻxtatildi. Avtomashina sinchkovlik bilan koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasiga oʻrnatilgan gaz balloni ichiga 53 dona oʻramda giyohvandlik vositalari yashirilganligi maʼlum boʻldi.

    Ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu oʻramlarda 50 kg 852 gr “opiy” va 6 kg 927 gr “gashish” moddalari borligi aniqlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida avtotransport egasi ushbu ajal ogʻusini Dushanbe shahridan olib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

    Bu turdagi jinoyat Samarqand viloyatida ham qayd etilib, jumladan Urgut tumanida yashovchi, 1992-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Gentra” rusumli avtomashina “Samarqand-Navoiy” yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida Narpay tumani hududida Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qoʻmitasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan toʻxtatildi.

    Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 981 gr “geroin” moddasi borligi maʼlum boʻldi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa “Andijon – Namangan” yoʻnalishida harakatlanayotgan “VAZ 2106” rusumli transport vositasi Norin tumani hududida toʻxtatilib tekshirildi.

    Natijada, Andijon shahrida yashovchi, 1979 va 1986-yillarda tugʻilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonidan 1 kg 833 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan birining yashash manzilidan ham 1 kg 469 gr “gashish” moddasi olindi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu ajal ogʻusi kelgusida sotib, moʻmay daromad topish maqsadida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelinganligi maʼlum boʻldi.

    Taʼkidlash lozimki, aka-ukalarning kattasi – muqaddam aynan narkotik moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs hisoblanadi.

    Navbatdagi holatda esa Qirgʻiz Respublikasining Oʻsh shahrida yashovchi, 1985-y.t. fuqaro 3 kg 949 gr “gashish” moddasini Andijon shahrida “shartli” xaridorga 28 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Aniqlanishicha, qirgʻizistonlik fuqaro ushbu ajal ogʻusini muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan qoldirib ketilgan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joydan olgan.

    Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.