Qayd etilishicha, 2024-yilning 12-noyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Namangan viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Pop tumani hududida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanida yashovchi, 1984-y.t. fuqaroga tegishli yuk sumkasida 3 kg. 887 gr. “opiy” va 9 kg. 839 gr. “gashish” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, u Tojikiston Respublikasi fuqarosi bilan oʻzaro til biriktirib, qoʻshni davlatdan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilish hamda sotib, moʻmay daromad topishni reja qilganligi va ushbu zahri qotilni Toshkent viloyatining Boʻka tumanida qabul qilib olganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, holat yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilib, 2024-yilning avgust-sentyabr oylarida tojikistonlik narkosavdogar tomonidan Boʻka tumani hududiga yetkazib berilgan va mazkur shaxs qabul qilib olib, Dangʻara tumanida joylashgan oʻziga tegishli yer uchastkasiga yashirib qoʻygan 1 kg. 902 gr. “opiy” va 857 gr. “gashish” moddalari hamda 1 dona “Makarov” pistoleti, 2 dona oʻqdon va 18 dona patron ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.