Tojikistonning Xatlon viloyati delegatsiyasi Surxondaryoga keldi

    Xalqaro hamkorlik 23 Iyul 2021 815

    Bugun, 23-iyul kuni Tojikiston Respublikasining Xatlon viloyati delegatsiyasi ikki kunlik tashrif bilan Surxondaryoga keldi.

    Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad – hududlararo savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirish, mehmon davlat vakillarini viloyatimizdagi bir qator obyektlar bilan tanishtirish va tajriba almashishdan iborat.

    Mehmonlarni Termiz tumanidagi “Gulbahor” chegara-bojxona postida Surxondaryo viloyati hokimining oʻrinbosari Usmon Turopov boshchiligidagi rasmiylar kutib oldi.

    Delegatsiyasi Termiz tumanidagi “Termiz Cargo Centre” xalqaro logistika markazi faoliyati bilan tanishdi.

    Mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari bilan afgʻonistonlik ishbilarmonlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotgan ushbu markazda qoʻshni davlat tadbirkorlariga sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

    Xususan, zamonaviy markazdagi mavjud konsullik vakili, bojxona terminali binosi, mahsulotlarni saqlash uchun omborxonalar, shuningdek, tijorat banklarining shoxobchalari tojikistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

    Shundan soʻng, mehmonlar Termiz xalqaro savdo markaziga tashrif buyurishib, uning qurilish bosh rejasi bilan tanishdi.

    2022-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan ushbu markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilgan. Umumiy qiymati 75 million dollar boʻlgan markazda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash majmualari qurilib, savdo xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. Zarur infratuzilma tarmoqlari barpo etiladi.

    Loyihaga koʻra, bu yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, 50 ming tonna yuk sigʻimiga ega logistika markazi, 400 oʻrinli ikkita mehmonxona, shifoxonalar, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish ustaxonalari boʻlishi moʻljallangan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish koʻzda tutilgan.

    Xalqaro savdo markazining yillik savdo aylanmasi 500 mln dollar, xizmatlar hajmi 10 mln dollar boʻlishi hisob-kitob qilingan. 192 mln dollarlik eksport quvvati paydo boʻladi.