Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida milliy televideniyening toʻgʻridan-toʻgʻri efirida chiqib, kechagi zilziladan jabr koʻrganlarga yordam koʻrsatish jarayonida qirgʻoq qoʻriqchi samolyotining olti nafar ekipaj aʼzolaridan besh kishi qurbon boʻlganini tasdiqladi.
Avvalroq NHK vakili besh kishining qurbon boʻlgani haqida xabar bera turib, qirgʻoq qoʻriqchi samolyoti kapitanining qutqarib qolganligini, lekin u jiddiy yaralangani haqida xabar bergandi.
Taxminlarga koʻra, kuchli zilzila roʻy bergan Isikava prefekturasidagi Noto yarim oroli hududlariga oziq-ovqat yetkazib berishi kerak boʻlgan qirgʻoq qoʻriqchi samolyoti seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da uchish-qoʻnish yoʻlagiga qoʻngan Japan Airlines aviakompaniyasi yoʻlovchi layneri bilan toʻqnashgan.
Keyinchalik Japan Airlines bortdagi barcha 379 kishi qutqarilgani haqida xabar berdi. Ular orasida yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari boʻlib, ularning barchasi havo toʻldirilgan maxsus trap yordamida evakuatsiya qilingan.
Yonib ketgan Airbus A350 rusumli yoʻlovchi samolyoti 2021-yilda ishlab chiqilgan. Mazkur JAL516-reysi Xokkaydo orolidagi “Titose yangi aeroportidan” amalga oshirilgan, deb xabar beradi BBC News.