Tadbirda Yaponiya madaniyat ishlar agentligi vitse-komissari Xiroxiko Nakaxara, “Min-on” konsert assotsiatsiyasi prezidenti Kazuto Ito, Sukuba universiteti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Toshinobu Usuyama, “Yaponiya-Oʻzbekiston” doʻstlik assotsiatsiyasi, madaniyat namoyandalari, yapon jamoatchiligi va OAV vakillari ishtirok etdi.

Konsert avvalida Yaponiya madaniyat ishlar agentligi vitse-komissari Xiroxiko Nakaxara soʻzga chiqib, Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligi har tomonlama rivojlanib borayotgani, ikki xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalar tarixiy ildizlarga egaligi va birgalikda uyushtirilayotgan madaniy tadbirlar doʻstlik alloqalarni yanada mustahkamlashini taʼkidladi.

“Min-on” konsert assotsiatsiyasi prezidenti Kazuto Ito “Buyuk ipak yoʻli” dasturi doirasida 50 yildan ortiq vaqt mobaynida oʻzbek sanʼati vakillari bilan hamkorlik qilib, Yaponiyada koʻplab madaniy tadbirlar tashkillashtirib kelayotganini bildirdi.

Konsert dasturida Mashu Komazaki boshchiligidagi yaponiyalik sanʼat namoyondalari oʻzbek milliy cholgʻu asboblari, jumladan, dutor va doirada oʻzbek milliy va mumtoz kuy-qoʻshiqlarini ijro etdi. “Guliston” raqs guruhi oʻz dasturi bilan ularga hamrohlik qildi.

Shuningdek, Sukuba universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Toshinobu Usuyama va Shinshu universiteti professori Akiko Kitamura ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalarga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazdi.

Tadbir doirasida Shinshu universiteti professori – yaponiyalik mashhur xoreograf Akiko Kitamura tomonidan Oʻzbekiston baxshichilik sanʼati ustalari bilan hamkorlikda yaratgan “Echoes of Calling” nomli zamonaviy raqs loyihasi ham taqdim etildi.

Taʼkidlab oʻtish joiz, “Echoes of Calling” loyihasining yaratilishida Surxondaryo baxshichilik maktabining taniqli namoyandalari hamda Kamoliddin Salimov, Qudratilla Qobilqoriyev va Dilmurod Yoʻldoshev kabi doirachilar ishtirok etgan.

Oʻzbekiston sanʼat namoyandalarining konsert dasturi tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholanib, gulduros qarsaklar bilan olqishlandi.

Madaniy kecha yakunida “Min-on” konsert assotsiatsiyasi prezidenti Kazuto Ito oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi:

– Avvalambor, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan chin dildan muborakbod etaman.

“Min-on” konsert uyushmamiz Oʻzbekiston bilan madaniy hamkorlik orqali ikki mamlakat va ikki xalq madaniyati toʻgʻrisidagi bilim va oʻzaro tasavvurlarni boyitishni va shu tariqa dunyoda tinchlikni taʼminlashga hissa qoʻshishni maqsad qilgan. Shu bois sanʼatkorlar ishtirokida koʻplab tadbirlar oʻtkazib kelmoqdamiz.

Xususan, 1980-yildan boshlab Oʻzbekiston bilan sanʼat sohasida hamkorlikni boshlaganmiz. 1985-yilda ilk marotaba ikki millat vakillari bir sahnada oʻzlarining milliy kuy-qoʻshiq va raqslarini namoyish qilgan.

Bugungi konsert dasturi yaponiyaliklarga juda manzur boʻlgani barobarida Yaponiya va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarning yanada mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshganiga ishonchim komil.