Yaponiyalik fotojurnalist Xiroko Xirotan mamlakatimizga bir necha bor sayohat qilgan. Xususan, 2019-yil sentyabr oyida u Yaponiyaning ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Tokiodagi Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida tashkil etilgan media-turda qatnashgan.

Koʻrgazmada Xirokoning Oʻzbekiston haqidagi 50 dan ortiq fotosurati namoyish etilmoqda. Ularda kundalik hayot, madaniyat, qadimiy meʼmorchilik yodgorliklari, milliy taomlar va odamlarning kundalik hayoti tasvirlangan.

 

Oʻzbekistonga qilgan safari boʻyicha X.Xiroko “Serquyosh” nomli fotoalbomini ham nashr etdi.

— Bugungi kunda Oʻzbekiston yapon sayyohlari uchun eng ommabop yoʻnalishlardan biri hisoblanadi, — dedi X.Xiroko. — Oʻtgan yilning sentyabr oyida media-tur doirasida Oʻzbekistonga tashrif buyurish imkoniyatiga ega boʻldim. Shu munosabat bilan men uning tashkilotchilariga goʻzal mamlakatni koʻrish va Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari - Buxoro, Samarqand, Fargʻona va Xivada suratga olish imkoniyati uchun oʻz minnatdorligimni bildiraman. Sayohat davomida oʻzbek xalqining boy tarixi, madaniyati, samimiyligi va mehmondoʻstligi meni hayratga soldi. Ushbu koʻrgazmani tashkil etishdan maqsadim ham vatandoshlarimga Oʻzbekistonning barcha goʻzalliklari va boy merosini yetkazishdir. Koʻrgazma tashrif buyuruvchilarning mamlakatingizga boʻlgan qiziqishini oshirishini, yapon sayyohlarining Oʻzbekistonga oqimini koʻpaytirishiga xizmat qilishini istardim.

—Ushbu fotokoʻrgazmaga kelganimdan juda xursandman. Menga qadimiy va ajoyib meʼmorchilik obidalari, mehmondoʻst va xushchaqchaq oʻzbek xalqining boy va oʻziga xos madaniyatni aks ettiruvchi suratlar juda yoqdi, — dedi koʻrgazma mehmonlaridan biri Yuko Ivasaki. —Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanganidan keyin men xorijga birinchi sayohatimni Oʻzbekistondan boshlashni rejalashtirib qoʻydim.

Fotokoʻrgazma joriy yilning 14-noyabrigacha davom etadi.