Tadbirda Suginami tumanining sobiq meri Tanaka Ryo, “Ishigaki Company, Ltd.” prezidenti Ishigaki Makoto, “Keyaki Kousan Co., Ltd” prezidenti, JCI Japan sobiq raisi Ayzava Yaichiro, “Misty Caravan” ijrochi direktori Morishige Yuko, Suginami mahalliy kengashi deputati Iguchi Emi va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbir boshida elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov tadbir ishtirokchilariga ilk oʻzbek-yapon qoʻshma kinofilmi “Yengilmas, Tokioga yoʻl”ni tasvirga olish ishlari uchun Suginami tumani tadbirkorlaridan homiylik mablagʻlarini jalb qilganliklari uchun minnatdorchilik bildirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Yaponiya aloqalari toʻgʻrisida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berdi. Xususan, bugungi kunda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, hududlararo munosabatlar tobora rivojlanayotganligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, yapon tomoniga Suginami tumani mamlakatning IT va animatsiya sanoati markazlaridan biri ekanligini inobatga olib, yurtimizdagi IT park, animatsiya va videoʻyinlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ularning Suginami tumanida malakasini oshirish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari taklif qilindi.
Suginami tumani sobiq meri Tanaka Ryo kirish soʻzida tuman 2021-yilda boʻlib oʻtgan Tokio Olimpiadasi Oʻzbekiston boks olimpiya terma jamoasining “Qabul qiluvchi shahri (Host Town)” boʻlganligi va oʻzbek sportchilari 20 kun davomida tumanda olimpiaoldi mashgʻulotlarini oʻtkazganligini maʼlum qildi. Ushbu voqeadan soʻng, Suginami tumani aholisida Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish ortganligi va yurtimizning madaniy va turistik salohiyatini targʻibiga bagʻishlangan bir qator tadbir tashkil etilganligini mamnuniyat bilan qayd qildi.
Shu bilan birga, Tokio Olimpiadasining chin qahramoniga aylangan Baxodir Jalolov haqida qoʻshma kinofilm tasvirga olayotganligini eshitib, 29 ta tuman kompaniyalari va shaxsiy tadbirkorlarini jalb etgan holda homiylik guruhi tashkil qilinganligini maʼlum qildi.
“Ishigaki Co.Ltd.” prezidenti Ishigaki Makoto oʻz kompaniyasi toʻgʻrisida maʼlumot berib, ushbu kompaniya suv xoʻjaligi texnologiyalari, xususan suv filtlari va nasoslar, suv taʼminoti va kanalizatsiya uchun uskunalar ishlab chiqarishga moʻljallangan yirik yapon kompaniyalaridan biri ekanligini maʼlum qildi. Hozirda kompaniyaning Yaponiya va Xitoyda zavodlari, Yevropa, AQSH va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarida filiallari mavjud.
“Keyaki Kousan Co., Ltd” prezidenti, sobiq JCI Japan raisi Ayzava Yaichiro hozirda Oʻzbekistonga sarmoya kiritib, mebellarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan “Noritsuisu Co.Ltd” kompaniyasi prezidenti Shogo Aokidan Oʻzbekistondagi biznes muhit toʻgʻrisida koʻplab ijobiy maʼlumotlar olganligini va shu sababli Suginami tumani yosh tadbirkorlarini oʻzaro savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish boʻyicha Elchixona bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir davomida Elchixona tomonidan mamlakatimizning investitsiya va savdo salohiyatini targʻib qilishga bagʻishlangan taqdimot koʻrsatilib, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va tashqi savdo aylanmasi dinamikasi haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Oʻzbekiston va Yaponiya iqtisodiy aloqalariga alohida toʻxtalinib, 2024-yilda iqtisodiy sohada ikki davlat hamkorligining rivojlanish tendensiyalar va hamkorlik uchun salohiyatli yoʻnalishlar boʻyicha maʼlumot berildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Suginami tumani 1947-yilda tashkil topgan Tokio prefektuarsining 23 tumanidan biri, maydoni – 34,06 km2, aholi soni — 585 ming. Tumanda yuqori texnologik korporatsiyalar “Ivatsu Elektrik” (elektronika), “Data East”, “Mitchell” i “Grasshopper Manufaktur” (videooʻyinlar), “Sammit” (supermarketlar tarmogʻi) hamda “Bones”, “Sunrise”, “Nomad” va “Satelight” kabi koʻplab yirik anime sanoati kompaniyalari (jami — 70 ta, Yaponiyaning 20%) joylashgan.