Toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddati 10-iyunga qadar uzaytirildi

    Ta'lim 2 Iyun 2023 1943

    Bu muddat bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan quyidagilarga taalluqli.

    Davlat komissiyasi tegishli bayoni bilan koʻpchilik abituriyentlar va ularning ota-onalari hamda oliy taʼlim muassasalari rektorlarining murojaatlarini inobatga olgan holda ayrim toifadagi talabalar oʻqishi uchun toʻlov haqini oʻtkazish hamda talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning soʻnggi muddati 2023-yilning 10-iyun (shu kuni ham) etib belgilandi.

    Bu muddat bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan quyidagilarga taalluqli:

    - toʻlov-kontrakt jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-kurslar);

    - oʻqishi koʻchirilgan (koʻchirib tiklangan);

    - va qayta tiklangan talabalar uchun.

    Shuningdek, kollej va texnikumlarga oʻquvchilikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-bosqich oʻquvchilari) uchun ham muddat 10-iyunga qadar uzaytirildi (2023-yil 15-martdan keyin kontraktini toʻlaganlarning toʻlovi ham inobatga olinadi).

    Maʼlumot oʻrnida yuqori bosqich (2- va undan yuqori kurs) talabalari uchun kontrakt toʻlash muddatini uzaytirish OTM rektor (direktor)larining vakolatiga berilgan.