Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisida yuridik shaxslar, fuqarolar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning toʻlovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi. Taʼkidlanganidek, qonunda toʻlovga qobiliyatsizlikning sogʻlomlashtirish taomillarini oʻtkazish jarayonida vujudga kelgan joriy soliq toʻlovlarini hisoblashni toʻxtatib turish va jarayon muddati yakunlangandan soʻng toʻlash, qarzdorning toʻlov qobiliyatini tiklash maqsadida tijorat banklari, moliya tashkilotlari va boshqa manbalarning mablagʻlarini jalb etish hamda sogʻlomlashtirish rejalarida oldindan qarzdorlikning qancha qismini qoplashni koʻzda tutish kabi tartiblar oʻz aksini topmoqda.
Bundan tashqari qonun bilan sud boshqaruvchisining huquqlari kengaytirilmoqda, jumladan, Davlat xizmatlari agentligi orqali koʻrsatiladigan xizmatlardan oldindan toʻlovlarni amalga oshirmasdan foydalanish, davlat organlaridan qarzdor faoliyati boʻyicha maʼlumotlarni bepul olish, mulki boʻlmagan korxonalarni tugatishda sud boshqaruvchisiga haq toʻlash kabi yangi tartiblar belgilanmoqda. Fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishga ixtisoslashuvi boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan advokatlarga ham toʻlovga qobiliyatsizlik taomillarini oʻtkazish huquqi berilgan.
Ulush kiritish asosida qurilgan uy-joylarni xarid qilgan mulkdorlar huquqlari himoyasini taʼminlash maqsadida quruvchilarni toʻlovga qobiliyatsiz deb topishning alohida tartibi ishlab chiqilgan. Qarzdor yuridik shaxsga sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv taomilini qoʻllanishiga erishgan sud boshqaruvchisini ragʻbatlantirish, qoʻshimcha huquq va vakolatlar berish va boshqa normalar taklif etilmoqda.
Qonunga qarzdorni boshqaruvchi shaxslarning gʻayriqonuniy harakatlari oqibatida kreditorlarning talablarini toʻliq qoplanishini imkonsiz qilib qoʻygan shaxslar qarzdorning qoplanmay qolgan majburiyatlari boʻyicha sud qaroriga asosan subsidiar javobgar boʻlishi qoidasi kiritilmoqda.
Qonunda jismoniy shaxslarning manfaatlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, qarzdorning (jismoniy shaxsning) oylik daromadlaridan kelib chiqib, qarzdorlikni toʻlov grafigi asosida boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi joriy etilmoqda.
Umuman mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizning xalqaro reytinglarda toʻlovga qobiliyatsizlik indikatoridagi oʻrnini koʻtarish hamda amaliyotda toʻlovga qobiliyatsizlik holatiga tushgan korxonalar faoliyatini tezkorlik bilan tiklash imkonini beradi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
axborot xizmati











