“Toʻmaris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

    Ijtimoiy hayot 21 Yanvar 2023 1320

    “Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlinmalari huzuridagi “Toʻmaris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (21-son,19.01.2023-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2023-yil 1-iyundan yoshi18 dan kichik va 30 dan katta boʻlmagan, umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni koʻngilli asosda jalb qilish orqali “Toʻmaris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

    Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bogʻliq masalalarni aniqlashda koʻmaklashish hisoblanadi.

    Guruhlar respublikaning barcha tuman (shahar)larida 2 nafardan (kriminogen vaziyat ogʻir boʻlgan tuman (shahar)larda 3 nafardan) ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari boʻyicha boʻlinmalari huzurida shakllantiriladi.

    Guruh aʼzolari 1 yil davomida oʻqish va ish jarayoniga salbiy taʼsir etmagan holda umumiy 360 soat vaqt mobaynida faoliyat olib boradi.