To'maris izdoshlari saralandi

    Jamoalar granata uloqtirish, harbiy estafeta,team-working, darts, arqon tortish o'yinlari va o'qdonga o'q joylash shartlari orqali bellashishdi.

    Talaba-qizlarni Vatanga, xalqimizga va milliy armiyamizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Samarqand shahridagi 75061-sonli harbiy qism hamkorligida "To'maris izdoshlari" ko'rik-tanlovi o'tkazilib kelinmoqda.

    Bugun institut talabalar turar joyida ushbu tanlovning 2-soni bo'lib o'tdi. Unda talaba-qizlardan tashkil topgan "Barchinoylar", "Bibixonimlar" hamda "To'marislar" jamoalari granata uloqtirish, harbiy estafeta, team-working, darts, arqon tortish o'yinlari va o'qdonga o'q joylash shartlari orqali bellashishdi.

    Shuningdek tanlovda institut rektori Muhiddin Egamberdievich so'zga chiqib, talaba-qizlardagi uddaburonlik, zukkolik hamda jasurlikni alohida e'tirof etdi. Rektor so'zi davomida To'maris kabi ajdodlarimizga munosib izdosh bo'lgan xotin-qizlar kelajakda mard va vatanparvar farzandlar tarbiya qilishini ta'kidlab o'tdi.

    Ko'rik-tanlov bilan bir qatorda harbiy qism tomonidan askarlarning harbiy chiqishlari va harbiy qurol-yaroqlar ko'rgazmasi ham namoyish etildi.