Maqsadli koʻrsatkichlarga koʻra, 2024 — 2027-yillarda 8,2 ming ga yer maydonida anjir, 2 ming ga yer maydonida funduk va 477 ga yer maydonida zaytunzorlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
2024-yil 1-oktyabrdan boshlab koʻchat payvandtaglari uchun barcha turdagi subsidiyalar bekor qilindi. Shu bilan birga, 2025-yil 1-yanvardan quyidagilarga belgilangan miqdordagi subsidiyalar ajratiladi:
— intensiv mevali bogʻ va uzumzorlarda tomchilatib sugʻorish tizimlari oʻrnatgani uchun sifat darajasini belgilovchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda 1 gektar uchun 16 mln soʻmdan oshmagan miqdorda;
— suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash uchun suv quvurlarining oʻlchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming soʻmdan 250 ming soʻmgacha;
— “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli koʻchatlarni sotib olish xarajatlari uchun ushbu xarajatlarning 50 foizi miqdorida.
Ilgʻor xorijiy tajriba asosida meva va tok koʻchatlarini sertifikatlashtirish tartibi ishlab chiqilib, koʻchatlarni sertifikatlashtirish tizimi joriy qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 02.10.2024-yildan kuchga kirdi.