Tomchilatib sugʻorish texnologiyalari joriy etiladi

    Agrosektor 14 Yanvar 2021 2331

    Sirdaryoda 12 326 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish boʻyicha shartnomalar tuzildi.

    viloyat hokimligi suratlari

    Sirdaryo viloyatida bu yil 12 ming 426 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, jumladan, 11 ming 889 gektar paxta, 437 gektar mevali ekinlar va 100 gektar boshqa ekinlar yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʻorish koʻzda tutilgan.

    Bugungi kunda 12 ming 326 gektar maydonda ana shunday texnologiyalarni oʻrnatish yuzasidan quruvchi tashkilotlar bilan 71 ta fermer xoʻjaliklari oʻrtasida shartnomalar tuzilgan hamda qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

    Bu borada Prezidentimizning 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal vazifasini oʻtaydi.

    Dehqon va fermerlarimiz tomchilatib sugʻorishning afzal jihatlarni allaqachon anglab yetganligi bois, bu usul viloyatda tobora ommalashib, nafaqat intensiv bogʻlarda, balki paxtachilik, sabzavotchilik va polizchilik tarmoqlarida, shuningdek, issiqxonalarda ham keng joriy etilyapti. Pirovardida, tabiiy va moddiy resurslar tejalishi bilan birga, hosildorlik muttasil oshib boryapti, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.