Qorovulbozor tumani “Navbahor” mahallasida joylashgan “Zamin agro eksport” MCHJga qarashli boʻlgan issiqxonada hozirda tomchilatib sugʻorish yoʻli bilan qulupnay yetishtirilmoqda.
Mazkur “Koreya” navli qulupnay 25 sotix maydonda ekilgan boʻlib, boshqa qulupnaylarga nisbatan shirinligi hamda serhosilligi bilan ajralib turadi.
Issiqxona ish yurituvchisi Namoz Shinonovning taʼkidlashicha, kuniga 20-30 kg qulupnay uzilib, savdoga chiqarilmoqda.
— Bugungi kunda bozorlarimizda qulupnayga boʻlgan talab yuqori. Qulupnayning har 1 kilogramini 120-130 ming soʻmdan ulgurji narxda supermarketlar hamda doʻkonlarga yetkazib beryapmiz. Ushbu issiqxonadan 2 tonnadan ortiq hosil olishni rejalashtirilganmiz. Bu yil issiqxonamizning qolgan 25 sotix qismiga ham qulupnay koʻchatlari oʻtqazish niyatidamiz, – deya taʼkidlaydi MCHJ rahbari Odilbek Egamov.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, yerga mehr berib, mehnat qilinsa, albatta, bu oʻz samarasini beradi. Buni choʻlquvarlar yurtining choʻlida yetishtirilayotgan ushbu qulupnayzorlarda ham tasdigʻini koʻrishimiz mumkin.









