Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida investitsiya loyihasi asosida Tomdi tumanidagi 623 gektar maydonda “NKMK” AJ ishlab chiqarish obyektlari ehtiyojlari uchun umumiy quvvati 500 MW boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi amalga oshirilmoqda.
Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen group holding limited” kompaniyasiga qarashli “Navoi solar power energy” MCHJ tomonidan olib borilmoqda, bosh pudratchi – Xitoyning “China energy enginiring corporation” (CEEC) kompaniyasi.
Qurilish ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2025-yilning ikkinchi choragida quvvati 220 MW boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda esa 2025-yilning toʻrtinchi choragi oxirigacha quvvati 280 MW boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish moʻljallangan. Bu, oʻz navbatida, yiliga qariyb 1 mlrd. kW.h. elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi.
Ushbu quyosh fotoelektr stansiyasidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasining asosiy isteʼmolchisi kombinat boʻladi (Zarafshon-Uchquduq hududidagi kombinat ishlab chiqarish quvvatlari hamda aholi uy-joylari yillik isteʼmolining 23-24 foizi). Shu munosabat bilan “NKMK” AJ va “Navoi solar power energy" MCHJ oʻrtasida qurilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasidan belgilangan narxda elektr energiyasining oldi-sotdi shartnomasi tuzildi. Mazkur obyekt “Auminzo-Amantoy” koni va 5-gidrometallurgiya zavodiga yaqin hududda barpo etilib, kombinat obyektlarini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.
Qurilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasidan olinadigan elektr energiyasi uni yetkazish jarayonidagi yoʻqotishlarni sezilarli darajada oldini olish imkonini beradi.
“NKMK” AJ Matbuot xizmati.
Reklama