Tomdida mahkumlarga nisbatan insonparvarlik tamoyili qo‘llanildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi raisi tomonidan Zarafshon shahar “Alisher Navoiy” MFY binosida 36-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan jazoni o‘tash davrida ichki tartib qoidalarga to‘liq rioya qilgan, jazoni o‘tash davrida intizomiy jazolarga tortilmagan, ijobiy tavsifnomaga ega hamda mehnatga halol munosabatda bo‘lgan 6 nafar mahkumga insonparvarlik tamoyili qo‘llanildi. Ya'ni, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi 74-moddasiga asosan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib qanoatlantirildi va mahkumlar o‘z oilasi bag‘riga qaytdi.

Muhimi, sud tomonidan jinoyat sodir etgan, biroq qilmishning huquqqa xilofligini anglagan va ahloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytishga imkon berildi. Bu esa, xalqimizning kechirimlilik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarning ro‘yobga chiqarilishi bilan bir qatorda, jazodan ozod etilgan mahkumlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishga, oila a'zolari, farzandlari, shuningdek el-yurt taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shishlariga yana bir imkon yaratadi.

N.Barakaeva

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Tomdi tuman sudining arxivariusi