Tomorqa xoʻjaligi boʻyicha qonun imzolandi

    Agrosektor 2 Aprel 2021 1747

    “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun (OʻRQ–681-son, 01.04.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

    Qonunga koʻra, tomorqa xoʻjaligi shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ham erkin savdo uchun, ham oila ehtiyojlari uchun yetishtirish (qayta ishlash) bilan bogʻliq mehnat faoliyatidir.

    Tomorqa xoʻjaligi tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi va tomorqa xoʻjaligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish talab etilmaydi.

    Tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun ajratilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida yetishtirilgan (qayta ishlangan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xususiy mulkdir.

    Tomorqa xoʻjaligidagi faoliyat shaxsiy tomorqa yer uchastkasi egasining va oila aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi.

    Maydoni kamida 0,04 gektar boʻlgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band boʻlgan yoki mazkur maydonda shoxli qoramol yoxud kamida 50 bosh parranda boqayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila aʼzolari ijtimoiy soliq toʻlashi mumkin.

    Tomorqa xoʻjaliklarining hisobi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan Tomorqa xoʻjaliklarini hisobga olish reyestrini shakllantirish orqali yuritiladi.

    Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.