Kamolidin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti 3-bosqich talabasi Xilola Yo'ldosheva “Intilganga tole yor” naqlini hayotining shioriga aylantirgan yoshlardan. U 2000-yilda Toshkent viloyatining Chinoz tumanida tug'ilgan. 2019-yilda P.P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejini “Dastgohli rangtasvir” yo'nalishi bo'yicha tamomladi. O'zining tirishqoqligi, jamoat ishlaridagi faol ishtiroki bilan tengdoshlaridan ajralib turadigan Xilola viloyat, tuman, respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda namunali ishtirok etib kelmoqda. Yaqindagina u Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiantlari qatoridan o'rin oldi.
2020-yilgi pandemiya davri Xilolaga ijodkorlik qobiliyatini kengroq namoyon etishga imkon berdi. Vaqtdan unumli foydalangan talaba institut tomonidan besh muhim tashabbus doirasida o'tkazilgan “Uyda qol, ijod qil!” tanlovida birinchi o'ringa munosib topildi. Shu yil oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida o'tkazilgan respublika onlayn fan olimpiadasidagi munosib ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining “San'at — qudratli kuch”, Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamentining “Qadring baland bo'lsin, ona tilim” onlayn tanlovlarida ham faol qatnashib, sertifikatlari sonini ko'paytirib bordi.
2021-yil Rossiyada bo'lib o'tgan “Magiya iskusstv” xalqaro onlayn festivalida 1-o'rin laureati bo'lgani uni o'z ustida yanada ko'proq ishlashga undadi. Natija yomon bo'lmadi. Rossiyada o'tkazilgan yana bir xalqaro “Peyzaj. Xolodniy kolorit” ijodiy tanlovida ham 1-o'rinni qo'lga kiritdi.
O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining Sergey Borodinning 119 yillik yubiley kechasiga bag'ishlangan “Taqdirimdan minnatdorman!” nomli tadbiri doirasida bo'lib o'tgan tanlovda ham g'alaba uni chetlab o'tmadi. U ishtirok etgan tadbirlar ko'pligi bois, har birini nomma-nom sanamadik. Muhimi, yosh ijodkorning tadbirdan-tadbirga o'sib borayotgani. Zero, u Toshkent viloyatidagi maktablarda maxorat dasrlarini ham muvaffaqiyatli o'tib, o'zi kabi ijodkor yoshlarga motivatsiya berishga hissa qo'shyapti.
Nufuzli stipendiya sohibasi bo'lgani haqidagi xabarni Xilola avvalo onasiga ma'lum qilgani bejiz emas. Uning har bir yutug'idan ko'ngli tog'dek o'sgan, qizini onalarcha muhabbat bilan ruhlantirib turgan, muvaffaqiyatsizlikda esa, qaynoq mehri bilan ko'nglini ko'targan Barno opa Qo'shoqova qahramonimizning beminnat ustozi. Xilola buni chuqur his qilishini aytishi barobarida o'zini yangi-yangi g'alabalarga undab turgan, bo'lajak kasbining noma'lum qirralarini kashf etishida yo'l-yo'riq ko'rsatayotgan fidoyi ustozlarini ham alohida tilga oldi. Ayniqsa, unga mutaxassislik fanidan dars bergan Axmadjon O'rinov, ijodiy asarlariga xolis munosabati, ijodiy taqrizlarini ayamaydigan san'atshunos Obid Abdullaevga uning hurmati cheksiz. — Mana shu ustozlarimning salohiyati, ko'p yillik tajribasi tufayli asarlarim tanlovlarda munosib baholandi, odamlar nazariga tushdi, — deydi Xilola.
Ayni paytda institutda Rangtasvir (teatr bezagi ) — ta'lim yo'nalishida tahsil olayotgan Xilola ilmiy, badiiy, ijodiy jihatdan sahna badiiy bezagi tasvirini yaratish, kichik va katta dekoratsion shakllar, rekvizit va atributlar, personaj va libos, usul va uslublarni puxta o'rganmoqda. Zero, teatr bezagi rangtasviri san'ati dramatik va musikali drama, opera, balet, qo'g'irchoq va boshqa estetik teatr yo'nalishlari, turli elementlardan ijodiy muhit yaratish bilan uzviy bog'liq.
Xilolaning aytishicha, teatrda o'tirgan tomoshabin sahna bezagini nafaqat ko'rishi, balki uning ma'nosini ham anglab etishi kerak. Aytaylik, bir detalning sindirilgan holati. Nega u butun emas, siniq tarzda aks ettirildi? Har bir bezak, har bir detal spektakldan anglashiladigan xulosa, echimga xizmat qilishi kerak. Xilola teatrda sahna bezagi uchun ishlatilgan detallar hamisha ham real holatda bo'lmasligi va aynan shu jihat tomoshabinni tahlilga chorlashi bilan muhimligini aytib o'tdi. Shu ma'noda ham yosh ijodkorning falsafiy asarlar yaratishga bo'lgan qiziqishi bejiz emas. Davlat stipendiyasiga munosib topilgani uni yanada ruhlantirgani aniq. Buni uning quyidagi samimiy dil so'zlari ham tasdiqlab turibdi: “Hech bir harakat samarasiz bo'lmas ekan. Izlanish, intilishdan tolmay, oldinga yuravergan insonning noumid qolmasligiga guvoh bo'ldim. Ulug' ajdodimiz nomidagi stipendiya sohibi degan nomni oqlash uchun bundan keyin ham bor kuchim, bilimimni yurtimiz tasviriy san'atini yuksaltirishga sarflayman. Chekka-chekka qishloqlarda ijod qilayotgan iqtidorli yoshlarga qo'limdan kelganicha yordam beraman”.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri