“Tong yulduzi” yoritgan olam

    Madaniyat 21 May 2024 651

    Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Tong yulduzi” gazetasining 95 yilligi munosabati bilan chop etilgan “Tong yulduzi” yoritgan olam” kitobining taqdimoti hamda mazkur gazeta tahririyatida yarim asrdan ortiq faoliyat olib borgan fotomuxbir Ravil Albekov ijodiga bag‘ishlangan suratlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ustoz jurnalistlar, OAV xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari hamda ijodkor o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

    Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Qahramoni, taniqli tarjimon va adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi Isfandiyor Latipov, Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov va boshqalar mamlakatimiz bolalari va o‘smirlarining sevimli nashri – “Tong yulduzi” gazetasining salkam bir asrlik mashaqqatli va sharafli ijod yo‘liga to‘xtalib, “Tong yulduzi” yoritgan olam” kitobi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

    Ushbu kitobdan “Tong yulduzi” gazetasida chop etilgan nasriy va nazmiy asarlar hamda publitsistik maqolalar, “Tong yulduzi” maktabidan yetishib chiqqan taniqli yozuvchi va shoirlarning o‘quvchilik davrlaridagi unutilmas yodnomalari o‘rin olgani eʼtiborga molik.

    Taʼkidlash joizki, “Tong yulduzi” gazetasida “Bir kuni darsda...”, “Bolalik kunlarimda...”, “Ota-onangiz bilan o‘qing”, “Kitob javoningizga”, “Xotira uyg‘onsa go‘zaldir”, “Mulohaza uchun mavzu” kabi ruknlar mavjud bo‘lib, ulardan, ayniqsa, “Bir kuni darsda...” rukni o‘qituvchilar va o‘quvchilar orasida ommalashgan.

    Yurtimizning ko‘zga ko‘ringan ijodkorlari, aktyorlar va rassomlar, bir so‘z bilan aytganda, taniqli insonlarning bolalik xotiralariga oid «Bolalik kunlarimda...» rukni ham o‘quvchilar tomonidan yaxshi kutib olinmoqda.

    “Tong yulduzi” gazetasining birgina 2023 yilda erishgan yutuqlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” nominatsiyasi bo‘yicha 3-o‘rinni egallagani, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangani tahririyat jamoasida o‘z sohasining yetuk mutaxassislari faoliyat ko‘rsatayotganidan dalolat beradi.

    Tadbir so‘nggida gazetada uzoq yillar mehnat qilgan bosh muharrirlar, faol mualliflar, shu jumladan, o‘quvchi-yoshlar va hamkorlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

    Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida “Tong yulduzi” gazetasining 95 yilligi nishonlanadi. “Tong yulduzi” yoritgan olam” kitobi taqdimoti, gazeta tahririyatida uzoq yillar faoliyat yuritgan fotomuxbir Ravil Albekovning ijodiga mansub 40 dan ortiq rasmlar ko‘rgazmasi ushbu muhim sana doirasida o‘tkazildi.