— Jismoniy mashqlar tana mushaklarini baquvvat, boʻgʻimlarni harakatchan, qomatning toʻgʻri shakllanishiga yordam beradi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Gavhar Tulaboyeva. — Barchasi ertalabki badantarbiyadan boshlanadi. Bu jarayonda bajariladigan mashqlar organizmning biror aʼzosi yoki tizimiga emas, balki butun tanaga birdek ijobiy taʼsir etadi. Yaʼni ichki organlarda moddalar almashinuvini yaxshilaydi.
Yana bir fakt: jismoniy harakat va mashqlar taʼsiri ostida toʻqimalarning kislorodga boʻlgan ehtiyoji 8-10 barobar ortadi. Shu bois qisqa emas, takroriy mashqlar organizmni sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu mashgʻulotlar tizimli bajarilganda tana toʻqimalari oziq moddalarni yaxshi oʻzlashtiradi. Bunday harakatlar asab tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Jumladan, badantarbiyadan soʻng odamning ham jismoniy, ham aqliy faoliyati yaxshilanadi.
Insonning nafas harakatlari kechki uyqu mahali kunduzgiga nisbatan ancha sekinlashishi maʼlum. Badantarbiya chogʻida bajariladigan nafas mashqlari esa oʻpkani yetarlicha toza havo bilan toʻyintiradi.
Qolaversa, jismoniy faollik organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi, yurak va nafas olish tizimini mustahkamlab, ichak va buyrak faoliyatini yaxshilaydi. Suyak va boʻgʻimlarning toʻgʻri shakllanishi hamda mustahkamlanishiga yordam beradi. Tana vaznini meʼyorda ushlab, fikrlash va bilim olish qobiliyatini kuchaytiradi.
Mashqlar “oddiydan — murakkabga” tamoyili asosida, pogʻonama -pogʻona bajariladi. Bunda organizmdagi barcha tizim va mushaklarning mutanosib ishtirok etishini taʼminlash lozim. Shunda biror tana aʼzosi ortiqcha zoʻriqishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Badantarbiyadan oldin organizmni jismoniy chiniqtirish zarur. Bundan tashqari, piyoda yurish va yugurish — jismoniy faol hayot kechirishning eng foydali usullaridan biri. Bunday mashgʻulotlar oyoq mushaklarini mustahkamlab, qon aylanish va immun tizimini yaxshilaydi.
Mutaxassis bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.









