“Top Gear France” shousi maxsus soni Oʻzbekistonga bagʻishlanadi

    Turizm qoʻmitasida “BBC STUDIOS France” televizion korporatsiyasi ijrochi prodyuseri Jak Toma Rishar bilan “Top Gear France” avtomobil shousi Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus sonini suratga olishning tashkiliy masalalari muhokama qilindi.

    Tomonlar oʻrtasida ushbu loyihani amalga oshirishning barcha muhim jihatlari, mexanizmlarini va keyingi bosqichlarni, qamrab oladigan hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Shuningdek, mazkur shou doirasida tasvirlarni mamlakatimizni har jihatdan jozibadorligini ochib beradigan joylar, jumladan, shaharlarning zamonaviy va tarixiy qismlari, choʻl va togʻlik zonalarda, olish hamda ushbu jarayonni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish yuzasidan kelishib olindi. Hududlar va jalb qilinadigan avtomobillarni belgilash maqsadida joriy yil noyabr oyida “BBC STUDIOS France” ijodiy guruhi tashrifi tashkil etiladi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Ushbu mashhur shouning mamlakatimizda suratga olinishi va keng ommaga taqdim etilishi yirik turizm bozorlarini tashkil etadigan fransuz va ingliz tilli segmentda Oʻzbekistonning boy madaniyati va tarixi hamda turizm salohiyatini bor chiroyi va imkoniyatlari bilan namoyon qilish yoʻlida muhim loyihalardan hisoblanadi.