Topib olingan plastik kartadan salkam 60 million so‘m "o‘g‘irlandi"

    Ushbu jinoyat 27 va 18 yoshli opa-singillar tomonidan sodir etilgani maʼlum boʻldi.

    Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi 21 yoshli fuqaro 8-noyabr kuni tuman IIO FMB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, oʻz arizasida, 2022-yilning 7-noyabr kuni unga tegishli boʻlgan plastik kartadan 58 million 984 ming soʻm miqdoridagi pul nomaʼlum shaxs tomonidan yechib olinganini maʼlum qilgan.

    Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, ushbu jinoyat 27 va 18 yoshli opa-singillar tomonidan sodir etilgani maʼlum boʻlgan.

    Jinoyat ishi doirasida, gumonlanuvchilar soʻroq qilinganida, 27 yoshli ayol plastik kartani oʻzi operator boʻlib ishlaydigan “Malika” savdo majmuasida joylashgan doʻkondan topib olgani, keyinchalik topib olingan plastik karta toʻgʻrisida oʻzining singlisiga xabar berib, birgalikda bankomat oldiga borgani va tavakkal qilib, parol tariqasida 7777 raqamini tergani, shu tariqa plastik kartaning himoya kodini bilib olib, unda boʻlgan pullarini yechib olganini maʼlum qilgan.

    Holat yuzasidan Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan opa-singillarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” va “g” bandlari (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Hozirda tergov harakatlari davom etayotgani maʼlum qilingan.

    “Hurmatli fuqarolar, jinoyatchilarning ishini osonlashtirib, plastik kartangizga oddiy parol qoʻymang!”, deya ogohlantirilgan IIV huzuridagi tergov departamenti xabarida.