Soat muzeyining ochilish marosimida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emine Erdoğan, Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Milliy saroylar boshqarmasi rahbari Yasin Yildiz hamda madaniyat va san’at sohasi namoyondalari ishtirok etdi.
Muzeyda Usmoniylar davrining mashhur soatsozlari Ahmad Eflaki Dede va Sulaymon Leziz yaratgan asarlardan tortib, Yevropadan keltirilgan nafis namunalargacha bo‘lgan 300 dan ortiq asarlar namoyish etilmoqda.
Dunyoga mashhur uch yirik kolleksiyadan biri
Topkapi saroyi Turkiyaning eng qimmatli tarixiy meroslaridan biridir. Marosimda so‘zga chiqqan Milliy saroylar boshqarmasi rahbari Yasin Yildiz saroydagi soatlar to‘plami dunyo miqyosida e’tirof etilgan uch yirik kolleksiyadan biriga kirishini ta’kidlaydi:
“Topkapi saroyi xazinasi ko‘pincha ‘soatlar xazinasi’ ham deb ataladi. Kolleksiya jami 380 asardan iborat. Bugun muzeyda ta’mirlangan va restavratsiya qilingan 300 asarni tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola etamiz. Avvallari xazinadagi asarlarning juda kichik qisminigina ko‘rish mumkin edi. Bugundan boshlab esa to‘plamdagi barcha asarlar omborlardan chiqarilib, ilk bor to‘liq va keng qamrovli tarzda xalqqa namoyish etiladi”.
Yasin Yildizning so‘zlariga ko‘ra, saroydagi Imrahor xonasi ilgari ombor vazifasini bajargan va keyinroq sultonlarning otlariga mas’ul bo‘lgan xizmatkorlar yashagan. Hozir esa ushbu xonalar bosqichma-bosqich restavratsiya qilinmoqda.
Yasin Yildiz yaqinda saroy hududida jahon darajasidagi to‘rtta yangi muzey ochilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Topkapi saroyining betakror chinni to‘plami, qurollar kolleksiyasi, xattotlik san’ati va sanoat asboblaridan iborat 10 000 dan ortiq yodgorliklar keng jamoatchilikka namoyish qilinadi. Bundan tashqari, saroyning dengiz bo‘yidagi o‘nlab muzeylari va Gulhane bog‘lari kelgusi yildan boshlab tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
“Bu yerdagi ba’zi soatlar dunyoda yagona”
Muzeydagi kolleksiya saroy uchun maxsus tayyorlangan va turli mamlakatlardan tuhfa qilingan soatlardan iborat.
“Usmoniylar imperiyasi XV-XVII asrlarda dunyoning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lgan. O‘sha davrlarda dunyoning eng nufuzli soatsozlik markazlaridan saroyga maxsus buyurtmalar kelib turgan. Bu yerdagi ayrim soatlar dunyoda yagona. Ahmad Eflaki Dede va Sulaymon Leziz kabi mashhur ustalarning nodir asarlari bizning qo‘limizda. To‘plamdagi eng qimmatli sovg‘alardan biri — Fransiya imperatori Napoleon tomonidan Sulton Mahmud II uchun yasatilgan “pendule (mayatnik)” deb nomlanuvchi maxsus soat. Bu soatning dunyoda atigi yettita namunasi mavjud bo‘lib, ulardan biri aynan shu kolleksiyada saqlanmoqda. Eng muhim jihati, u boshqa soatlardan farqli o‘laroq, maxsus Usmonli saroyi uchun tayyorlangani va Istanbulning turli manzaralari bilan bezatilgani hamda yonida bitta cho‘ntak soati ham borligida. Bundan tashqari, Sulton Abdulhamid II davridagi diplomatik munosabatlar natijasida saroyga kelgan soatlar, Fransiya va Angliyaning mashhur soatsoz ustalariga oid nodir soatlar ham to‘plamdan joy olgan”, - deydi Yasin Yildiz.







