Toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qiluvchilar uchun kreditlar hajmi ikki baravarga oshiriladi

    Moliya 7 Sentabr 2023 1676

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning 2023-yil 2-sentyabrdagi “Toʻqimachilik sanoatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-155-son Farmoni qabul qilindi.

    Ushbu huquqiy hujjatga muvofiq gazlama, trikotaj mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarni aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga qoʻshimcha 50 million dollar ajratiladi. Mablagʻlar Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan revolver kreditlash asosida 2026-yil 1-yanvarga qadar qaytarish sharti bilan yillik 4 foiz stavkada taqdim etiladi. Chora toʻqimachilik sanoati korxonalaridagi mavjud imkoniyatlarni toʻliq safarbar etish va ularning eksport salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan.

    Prezidentning 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2-son Farmoniga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 4-sentyabrdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.