Oʻzbekiston keyingi yillarda ochiqlik va oshkoralik siyosati yoʻlidan dadillik bilan boryapti. Bugun davlat organlari, barcha darajadagi tashkilotlar faoliyatida shaffoflik eng muhim mezon sifatida baholanmoqda. Oʻz navbatida, axborot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun masʼul organ sifatida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham zimmasidagi vazifalarni bajarib kelmoqda. Soʻz va matbuot erkinligi, fuqarolar oʻz fikrini ifoda etishi va axborot olish huquqidan cheklovlarsiz foydalanishini taʼminlash Agentlikning eng ustuvor maqsadi etib belgilangan.
Albatta, har qanday jamiyatda ochiqlik va soʻz erkinligini taʼminlash jarayonida muammolar boʻlishi tabiiy. Jahon amaliyotida biror bir axborot vositasi qonunbuzarlik sodir etsa, uning faoliyatini sudga oshirish, turli jarimalar va hattoki faoliyatini toʻxtatib turishgacha boʻlgan choralar qoʻllanishi kuzatiladi. Bugungi sharoitda AOKA endigina oyoqqa turayotgan mustaqil OAVni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida ular yoʻl qoʻygan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy ogohlantirish bilan cheklanmoqda va oʻz vakolatidagi boshqa choralarni hozircha qoʻllamay kelmoqda.
AOKA rasmiy maqomga ega 1 ming 777 ta axborot subyektiga nisbatan qonun barchaga barobarligi tamoyili asosida yondashayotganini OAVda qonunga zid holatlarni bartaraf etishga doir ogohlantirishlar kesimida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Misol uchun, 2019-yilda jami 150 ta – shundan tele-radio kanallarga 75 ta, davriy bosma nashrlarga 65 ta, internet saytlarga 10 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborilgan.
2020-yilning oʻtgan 9 oyida jami 90 ta – shundan televideniye va radioga 39 ta (Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi telekanallar faoliyatiga oid 20 ga yaqin, “ZoʻrTV” telekanaliga 7 ta, “Sevimli” telekanaliga 5 ta va boshqalarga), davriy bosma nashrlarga 29 ta (“Ishonch” gazetasiga 1 ta, “Soʻgʻdiyona” gazetasiga 1 ta, “Bekajon plyus” gazetasiga 1 ta, “Teatr” jurnaliga 1 ta va boshqalarga), Internet nashrlariga 22 ta (“Effect.uz” saytiga 3 ta, “Nova24.uz”, “Qalampir” va “Repost.uz” saytlariga 2 tadan hamda boshqalarga) taqdimnomalar kiritilgan.
Pandemiya sharoitida biznes-subyektlarini tekshirib jazoga tortish boʻyicha joriy etilgan moratoriyni, shu jumladan axborot olishda va uni tekshirishda yuzaga kelgan ayrim qiyinchiliklarni inobatga olgan holda, Agentlik ayrim OAVda turli feyk va tekshirilmagan yoki qonunga xilof maʼlumotlar eʼlon qilingani holda, ularga asosan ogʻzaki ogohlantirish berish bilan cheklandi. Alohida taʼkidlash lozimki, shu kungacha ogohlantirish xatlari yuborilishi natijasida birorta axborot subyekti maʼmuriy, moliyaviy yoki jinoiy jazoga tortilmagan. Biroq ushbu vaqtinchalik yondashuv qonunbuzarlarga umuman chora koʻrilmasligini anglatmaydi. AOKA axborot subyektlarining bundan xulosa chiqarmasligi va oʻz faoliyatida tegishli talablarga qatʼiy rioya etmasligi endilikda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qoʻllanishiga sabab boʻlishi haqida ogohlantiradi.
AOKA ommaviy axborot vositalarini qonunbuzarlik oqibatlaridan ogohlantirish bilan bir qatorda, huquqlari buzilgan jurnalistlarni himoya qilish masalasiga ham oʻz vakolati doirasida jiddiy eʼtibor qaratyapti.
Xususan, shu yilning oʻzida oʻn nafarga yaqin jurnalist va blogerga nisbatan qarshilik koʻrsatish, axborot tarqatganlik uchun asossiz soʻroqqa tutish kabi holatlar yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va Fargʻona viloyati hokimligiga jurnalistik faoliyatga toʻsqinlik qilishni zudlik bilan toʻxtatish, aybdorlarni belgilangan tartibda jazolash, bunday holatlar takrorlanishiga boshqa yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida yozma talabnoma va murojaatlar yuborilgan.
Agentlik muammolarni konstruktiv va chuqur tahlil asosida yoritishda OAV hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni bundan buyon ham kengaytirishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini bildiradi.