Toʻra Bobolov afgʻonistonlik sarmoyadorlar bilan uchrashdi

    Mamlakatimizda 20 Avgust 2021 1406

    Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov afgʻonistonlik investorlar bilan uchrashib, ularning taklif, gʻoya va muammolarini tingladi.

    Uchrashuvda afgʻonistonlik 50 ga yaqin tadbirkor ishtirok etib, ularning aksariyati viza muddatini uzaytirib berishni soʻradi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yer ajratish, issiqxona barpo etish kabi takliflarni ilgari surdi, deb xabar beradi Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    – Termiz tumanida 14,5 gektar maydonda bogʻ barpo etganmiz. Shuningdek, Afgʻonistonga mosh, loviya kabi oziq-ovqat mahsulotlari eksporti bilan shugʻullanamiz, – deydi “Jovidbek” MCHJ raisi Jovidbek Muhammadamin. – Endi bir gektar yerda zamonaviy issiqxona barpo etmoqchimiz. Viloyat hokimiga shu taklifni aytgan edim, yer ajratish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Ziroatlarni sugʻorish masalasida artezian quduq qazishni tavsiya etdi. Buning uchun bizga subsidiya ajratiladigan boʻldi. Ikki masala ham joyida yechim topganidan quvondim.

    Ochiq muloqotda Oʻzbekistonning Mozori Sharif shahridagi konsuli J.Fattoyev ishtirok etdi.