Mamlakatimizda nogironligi bor, mehnatga layoqati cheklangan, fuqarolar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu islohotlar samarasi yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashida oʻz ifodasini topmoqda.
Yangi yil bayrami arafasida Surxondaryo viloyati, Termiz shahri Manguzar mahallasida uy-joyga muhtoj yurtdoshlarimiz uchun bunyod etilgan yangi uylar oʻz egalariga topshirildi. Unda viloyat hokimi Toʻra Bobolov ishtirok etib, xonadon egalarini yangi uy-joylar bilan tabrikladi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan xayrli ish bugun yana 100 nafar oilalar, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarning qalbida ertangi kuniga umid va ishonchini mustahkamladi, – dedi Toʻra Bobolov. – Bu kun sizlar uchun qanchalik qadrli ekanligini men yuragimdan his qilaman. Ushbu oilalar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, uy-joylari uchun boshlangʻich toʻlovi toʻlab berildi. Eng asosiysi, bu uy-joylar ham mustahkam, yashash uchun tayyor holda nisbatan arzon narxda sizlarga topshirilmoqda. Yaʼni, 1 kv. metr uchun 3 mln. 200 ming soʻm. Bundan keyin shahar va tumanlarda shunday uylar quriladi. Buning uchun viloyatimizda barcha imkoniyat mavjud. Qurilish materiallarning deyarli barchasi oʻzimizda ishlab chiqariladi. Qum-tosh, sement, gʻisht, beton plitalar boshqa hududlar kabi uzoqdan olib kelinmaydi. Xoʻsh, nima uchun qimmat boʻlishi kerak?! Endi quriladigan yangi uylar xalqimizga maʼqul keladigan narxlarda qurilishi kerak. Bu asosiy talablardan biri boʻladi.
Viloyat rahbari keng jamoatchilik vakillari ishtirokida uy-joyga muhtoj 100 nafar fuqaroga yangi uylarning kalitlarini tantanali topshirdi.
Shundan soʻng, nuroniylar hamrohligida xonadonlarda boʻlib, uy egalarining quvonchiga sherik boʻldi.
– Ikkinchi guruh nogironiman. Ayolim universitetda farrosh boʻlib ishlaydi. Bir nafar farzandimiz bor. 22 yildan beri opamning uyida yashar edik. Yaratganning oʻziga shukur! Mana, yangi yilni endi oilam bilan oʻzimizning uyimizda kutib oladigan boʻldik. Prezidentimizga mingdan-ming rahmat. Yillar davomidagi orzu va armonlarimizni ushalishi uchun asosiy sababchi boʻldilar, – deydi xonadon egalaridan biri Alisher Saidmurodov.
Surxondaryo viloyati hokimligi
Matbuot xizmati