Bunda birinchi navbatda Ukraina davlatidagi fuqarolarimizni xavfsizligi masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, ularni mamlakatimizga qaytarish masalasi hal etildi.
Xususan, 28-fevraldan 11-martga qadar 25 ta aviareys tashkillashtirildi va harbiy harakatlar kechayotgan hududlardan 5 ming 634 nafar vatandoshimiz Oʻzbekistonga qaytarildi. Ular orasida 769 nafar surxondaryolik ham bor.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Ukraina davlatida tahsil olayotgan va evakuatsiya qilingan 46 nafar talaba hamda ularning ota-onalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda, shuningdek, ushbu davlat oliygohlarida masofaviy oʻqiyotgan hamda harbiy harakatlar boshlanishidan oldin yurtimizga qaytgan 20 ga yaqin talaba va ularning ota-onalari ham ishtirok etdi.
— Ukrainada boʻlayotgan holatlarni koʻrib, bolajonimning u yerda ekanligi meni shunchalar tashvishlantirardiki, soniyalar yillar kabi oʻtgandek boʻldi. Prezidentimizga rahmat, urush oʻchogʻidan farzandlarimizni birinchilardan boʻlib bagʻrimizga qaytardilar. Bugun esa ularni oʻqishlarini oʻzimizning oliygohlarga koʻchirish va sharoiti ogʻir oʻquvchilarni darsdan keyin ish oʻrinlariga joylashtirish masalalari hal etilmoqda. Inson qadri ulugʻlanayotgan shunday jannatmakon yurtda yashayotganimdan behad mamnunman, — deydi quvonch koʻz yoshlarini yashira olmay Oltinsoy tumani Ipoq mahallasida yashovchi Roxila Norqobilova.
Viloyat hokimining tegishli oʻrinbosarlari, viloyatdagi mavjud OTM rektorlari ishtirok etgan uchrashuvda talabalarning oʻqishini yurtimizdagi oliy oʻquv yurtlariga koʻchirilishi, bunda ularning sarsongarchiligini oldini olish maqsadida Termiz davlat universiteti qoshida shtab tashkil etilishi boʻyicha viloyat hokimi tomonidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shu kuni viloyat hokimi Sariosiyo va Uzun tumanlarida ham boʻlib, Ukraina davlatidan evakuatsiya qilingan fuqarolar bilan uchrashdi. Uchrashuvda ularning bandligini taʼminlash, farzandlarini umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlimga qamrab olish va boshqa muammolarini hal etish maqsadida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Maʼlumot uchun: Sariosiyo tumanidan 548 nafar, Denov tumanidan 99 nafar, Uzun tumanidan 66 nafar, Termiz shahridan 11 nafar, Shoʻrchi tumanidan 9 nafar, Termiz, Qiziriq, Jarqoʻrgʻon, Oltinsoy tumanlaridan 5 nafardan, Angor, Muzrabot tumanlaridan 4 nafardan, Boysun tumanidan 3 nafar, Sherobod va Bandixon tumanlaridan 2 nafardan hamda Qumqoʻrgʻon tumanidan 1 nafar fuqarolarimiz evakuatsiya qilingan.
Surxondaryo viloyati hokimligi
Matbuot xizmati